Breaking News

Ukraina Rossiya bilan mojaroni "faqat diplomatiya" orqali hal etmoqchi


7-mart kuni Sevastopoldagi strategik inshootga hujum qilingan. Ukraina kuchlarining aytishicha, rus harbiy mashinasida qurolli kishilar bostirib kirishga uringan.
7-mart kuni Sevastopoldagi strategik inshootga hujum qilingan. Ukraina kuchlarining aytishicha, rus harbiy mashinasida qurolli kishilar bostirib kirishga uringan.
Ukraina muvaqqat Tashqi ishlar vaziri Andrey Deshitsa deydiki, Rossiya bilan yuzaga kelgan mojaroni bartaraf etishning yagona yo’li – diplomatiya. Kiyev bundan boshqa vosita qo’llamaydi, deydi u.

“Qrim Ukrainaning bir qismi va shunday bo’lib qoladi”,- deydi Deshitsa.

Rossiya bu mintaqaga chet el kuzatuvchilarini yaqinlashtirmayotgani aql bovar qilmaydigan hol, Kreml bu yo’lidan darhol qaytishi kerak, deydi rasmiy.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining bildirishicha, uning vakillari Qrimga kiritilmagan. Guruh hozirda Ukraina janubidagi Xerson shahrida.

Polsha Sevastopoldagi vakolatxonasini yopib, diplomatlarini evakuatsiya qilmoqda. Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorski Rossiya kuchlarini tinimsiz bosimda ayblamoqda.

Ukrainaning yangi va vaqtinchalik hukumatini quvvatlayotgan Amerika rahbari Barak Obama Germaniya kansleri Angela Merkel bilan gaplashgan. Har ikkisining nazarida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qrimdagi qo’shinlarni bazaga qaytatib, xorijiy kuzatuvchi, xususan inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni monitoring qiluvchi mutaxassislar uchun sharoit yaratilishi lozim. AQSh va Yevropa pozitsiyasi shuki, Ukraina kelajagini may oyida o’tadigan prezident saylovlari belgilaydi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa Vashington ahmoqona qadamlar tashlamoqda, deydi. “Amerikaning bizga qarshi keskin qarorlar qilishi aloqalarni taranglashtirib, o’ziga katta ziyon keltiradi”,- deydi Lavrov.

Kecha, 7-mart kuni Qrimda rus harbiy mashinasida qurollangan shaxslar Sevastopoldagi raketa mudofaa postini egallamoqchi bo’lgan lekin bunga erisha olmagan. Bu shaxslar jurnalistlarga ham zo’ravonlik qilgani ma’lum. Muxbirlar qurol bilan tahdid qilinib, ularning kameralari tortib olingan. Ayrimlari do’pposlangan, ba’zilari bor-buti tortib olinganini aytmoqda.

7-mart kuni Ukraina muvaqqat prezidenti Aleksandr Turchinov Qrimda referendum o’tkazmaslik haqida qaror qabul qildi. Referendum rejasi mahalliy rusparast qonunchilar tomonidan olg’a surilgan edi. Qrim parlamenti Rossiyaga qo’shilish uchun ovoz bergan va 16-mart referendum kuni deb belgilangan edi. Ukraina Bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk deydiki, hech kim yuqoridagi qarorlarni tan olmaydi. Amerika va Yevropa ham shunday pozitsiyada.

Qrimning yangi rahbarlari esa Kiyevga quloq solmoqchi emas. Ularni quvvatlayotgan Rossiya nazarida Qrim ahlining referendumga chiqishga haqqi bor va federatsiyaga qo’shilmoqchi bo’lsa, Kreml ularni qo’llaydi. Moskvada bu pozitsiyani olqishlab, odamlar namoyishga chiqqan.

Amerika Ovozi Radiosi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:29:59 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG