Ukraina rahbari Petro Poroshenko deydiki, sharqdagi muhim shahar Donetsk aeroporti bo'lginchi kuchlar qo'liga o'tmaydi.
"Butun Ukraina uchun kurashayapmiz", - dedi Poroshenko Kiyevda so'zlar ekan.
Donetsk aeroporti Rossiya quvvatlovchi separatistlar nazoratiga o'tsa, Kiyev va boshqa shaharlar ham boy berilishi mumkin degan xavotir kuchli.
Prezidentning tasdiqlashicha, payshanba va juma kunlari Ukraina sharqida olti harbiy o'lgan. 14 askar jarohatlangan.
Mintaqada to'qnashuvlar, qonli olishuvlar bugun ham davom etmoqda. O'lganlar bor, ammo soni aniq emas. Donetskda bir fuqaro halok bo'lgan.
9-dekabrda Ukraina armiyasi birorta o'q uzmaslikka qaror qilgan, chunki Sukut saqlash kuni.
Ukraina hukumati va bo'lginchi kuchlar 5-sentabrda sulh imzolagan, biroq unga amal qilinmayapti. Tomonlar bir-birini ayblaydi.
Aleksandr Zaxarchenko, o'zini Donetsk Xalq respublikasi rahbari deb e'lon qilgan liderning aytishicha, 9-dekabrda uning janchilari ham o'q otmaydi. Lekin hukumat va'dasida turmasa, tegishli javob beriladi, deydi u.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Shveytsariyada o'tgan yig'inda Amerika va Yevropa Ittifoqini uning davlatini tinimsiz ayblab, Ukrainani ko'r-ko'rona himoya qilayotganlikda tanqid qilgan.
Kiyev separatistlar bilan yuzma-yuz muzokara qilishdan qochmoqda axir, deydi Lavrov.
Rossiya, deydi diplomat, Ukrainaga hech qanday qo'shin yoki qurol-aslaha yubormagan.
AQSh bosh diplomati, Davlat kotibi Jon Kerri esa bu qip-qizil yolg'on deydi. Rossiya yuzlab askarlarini safarbar etgan, ular orasida o'lganlar bor va qurol-aslaha ta'minoti ham davom etmoqda.
Kremlning qilmishlari dunyoga ma'lum, masalani jiddiy muhokama qilishdan qochmay asl vaziyatni tan olishi kerak, deydi AQSh rasmiylari.