Ukraina sharqida Rossiyaga xayrixoh isyonchilar qo’lida tobora ko’p qudratli qurol-aslaha to'planib bormoqda, deya xavotir bildirmoqda G'arb harbiy qo'mondonlari.
Internetda sharqiy viloyatlarda qo’llanayotgan qurollar, raketalar videolarinini ko’rish mumkin. NATO rasmiylarining aytishicha, bu tasvirlar Rossiyaning aralashuvidan, Rossiyada ishlangan “Grad” rusumli raketalar Ukrainada ishlatilayotganidan dalolat beradi.
Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligidan Stiv Vorrenning aytishicha, Moskva tinchlik va barqarorlikka da’vat etsa-da, amalda bunga teskari ishlar qilayapti.
“Chegarada askarlar ko’paygan, qurol-aslaha transportirovkasi jadallashgan. Moskva Ukraina sharqidagi bo’lginchilarga yordam berishda davom etayapti”, - deydi Amerika rasmiysi.
14-iyul kuni hududda 6 ming metr balandlikda uchayotgan An-26 transport samolyoti urib tushirilgan edi.
May oyidan beri sharqda Ukrainaga qarashli uch samolyot, ikki vertolyot nishonga olinib, yo'q qilingan. Raketalar qo’llangan.
Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo'yicha mutaxassis Boris Zilberman fikricha, bunaqangi aslahadan foydalanish uchun odamda uquv va malaka bo’lishi kerak. Donetskdagi isyonchilar orasida Rossiya sobiq razvedkachilari va harbiylari borligi aniq, deydi amerikalik olim.
Yana bir tahlilchi Shon Okonnor so’zlariga ko’ra, Ukraina sharqida yaqinda “Tornado” rusumli zamonaviy, kuchli sistema ishlatilgan. Bir necha raketani bir paytda otishga qodir qurol bu. "Tornado” raketalari hatto Rossiyadan turib otilsa, Ukraina uzra nishonlarni urishi mumkin, deydi ekspert.
Ukraina armiyasi G’arbdan ko’proq harbiy yordam so’rayapti. Amerika va NATOdagi ittifoqchilar shu paytgacha faqat noharbiy madad uzatib keladi.
AQSh razvedka agentliklarining tasdiqlashicha, samolyot raketa bilan urib tushirilgan va aynan Ukraina sarhadidan turib nishonga olingan. Samolyot havoda portlagan. Ukraina qurolli kuchlari bunday vositaga ega emas, deydi Amerika rasmiylari. Gumon shuki, samolyotni o’qqa olganlar – rusparast bo’lginchi kuchlar.