Ukrainada o’tgan prezident saylovlarining birinchi bosqichida eng ko’p ovoz olgan ikki nomzod 21-aprel kuni ikkinchi bosqichda o’zaro bellashadi. Kelasi uch hafta davomida qiziqchi Vladimir Zelenskiy va amaldagi Prezident Petro Poroshenkoning saylov shtabida ish qizg’in bo’ladi, saylovchilar bilan yangidan tashviqot olib boriladi.
Ukrainada siyosiy hayotni hajviy chiqishlarida tanqid qilgan Zelenskiyning o’zi endi siyosat dunyosiga kirish uchun kurashmoqda.
“Meni jiddiy qabul qilib, ovoz bergan fuqarolarga minnatdorchilik bildirmoqchiman”, - dedi u.
Ilk saylov kampaniyasi paytida Poroshenkoning ikkinchi bosqichga chiqishi savol ostida edi.
“Hovliqish yo’q. Jamiyatimizning hokimiyatdagilarga munosabati qanday ekanini saylov natijasidan yaqqol ko’rdik va buni tushunamiz”, - dedi Poroshenko.
Ikkinchi muddatga saylanishga harakat qilayotgan davlat rahbari raqibi Zelenskiyga hujum qilib, uni surgundagi oligarx Igor Kolomoyskiyning qo’g’irchog’i deb atadi. Keyingi uch haftada bu kabi hujumlar yanada kuchayishi kutilmoqda.
“Poroshenko til, din, Moskvadan uzoqlashish, xavfsizlik kabi davlat miqyosidagi masalalarga urg’u bermoqda. Zelenskiy esa ko’proq saylovchini xavotirga solayotgan masalalarni ko’tarmoqda. Bu qanday natija berishini hozircha aytish qiyin”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazidan Anna Korbut.
Ayrimlar nazarida, Zelenskiyning kuchi uning siyosiy doiralarga begonaligida.
“Keyingi uch haftani yaqindan kuzatamiz. Debatlar bo’ladimi, nomzod dasturini aniq qilmasa, unga qarshi namoyishlar bo’ladimi, hozircha bilmaymiz”, - deydi ekspert Irina Bekeshkina.
Anna Korbutning aytishicha, saylovchilarning bir qismi Zelenskiyning Ukraina sharqidagi mojaroga munosabatiga ham jiddiy e’tibor qaratadi.
“Zelenskiy sharqdagi mojaroni qanday hal qilishini, Rossiya bilan bu borada qanday gaplashishini, qanday xalqaro shaklda ish olib borishini hozircha aytmagan”, - deydi ekspert.
Ayrim saylovchilar uning siyosiy g’o’rligidan xavotirlanmoqda. Biroq uning tarafdorlari Ukraina katta o’zgarishlarga muhtoj ekanini aytadi.
“Hammasi yaxshi bo’ladi”, - deydi ulardan biri.
Saylovlarning birinchi bosqichida uchinchi o’rinni olgan sobiq bosh vazira Yuliya Timoshenko tarafdorlarini norozilik namoyishlariga olib chiqmasligini, saylov natijalaridan qoniqmasa-da, ularni qabul qilishini aytdi.
Mag’lub bo’lgan nomzodlar ikki asosiy nomzoddan qay birini qo’llab-quvvatlashi ham saylovlarning 21-aprelga belgilangan ikkinchi bosqichi natijasiga ta’sir qilishi aniq.
Facebook Forum