Ukraina sharqida bugun, chorshanba kuni ham qonli to'qnashuvlar davom etmoqda. Ukraina, Rossiya, Fransiya va Germaniya rahbarlari esa 5300 dan oshiq odamning boshini yegan bu mojaroni tugatish uchun sammitga yig'ildi.
Isyonchilar qo'lidagi Donetsk shahrida avtobusga raketa tegib, kamida ikki odam halok bo'lgan. Debaltseve shahridagi otishmada 19 harbiy o'lgan. Yana 78 kishi jarohatlangan.
Bugun Belarusdagi xalqaro muzokaralar oldidan Ukraina rahbari Petro Poroshenko chiqib qilib, Kiyev va Yevropa Ittifoqining maqsadlari mushtarak ekanini eslatdi. Uning aytishicha, to'rt davlat ishtirokidagi sammit urushni tugatish uchun oxirgi imkoniyatlardan.
Nizo yanada keskinlashsa, Poroshenko Ukraina bo'ylab harbiy holat e'lon qilishga tayyor.
Bu orada, Amerika Prezidenti Barak Obama Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan telefonda gaplashib, Ukraina yuzasidan tinchlikka ko'nishga undagan. Oq uy ixtilof natijasida tobora oshib borayotgan talofatlardan tashvishda.
Kiyev va G'arb nazarida Rossiya apreldan beri davom etayotgan mojaroda ayirmachilarni qo'llab-quvvatlab, ularni jangchilar, strategik rejalash va qurol-aslaha bilan ta'minlayapti.
Moskva nizoda bevosita qatnashayotganini rad etadi. Rossiyaning bildirishicha, sharqiy viloyatlarda rusiyzabon ayirmachilar safida rus harbiylari jang qilayotgan bo'lsa, ular o'z xohishi bilan borgan.
Germaniya kansleri Angela Merkel va Fransiya rahbari Fransua Olland o'tgan haftada Moskvaga borib, Prezident Putinga tinchlik tashabbusini taqdim etgan edi.
Prezident Obama bugungi sammit xulosalariga qarab Kiyevni qurol bilan ta'minlash-ta'minlamaslik haqida qaror qabul qilmoqchi.