Ukraina qurolli kuchlari bosh qo’mondoni general Valeriy Zalujniy frontda odam yetishmayotganidan nolirkan, mamlakatda safarbarlik tartibi o’zgarishi kutilmoqda. Xalq ushbu yangilikni e’tiroz bilan qarshilamoqda.
2022-yil fevralida Rossiya Ukrainaga qo’shin kiritishi ketidan respublikada harbiy holat joriy etildi, aholi armiyaga safarbar etila boshladi.
Boshida ko’ngillilarning keti ko’rinmasdi, minglab xorijlik ham Ukraina tarafida jang qilish istagini bildirdi. Biroq mojaro cho’zilgani va talafotlar ko’paygani sari frontga o’z xohishi bilan borishni istaganlar safi siyraklasha bordi, harbiy komissariatlar erkaklarni ko’chada tutib majburan frontga yubora boshladi.
O’tgan oy Prezident Vladimir Zelenskiy harbiy qo’mondonlik 500 minggacha odamni xizmatga chaqirtirishni so’raganini aytdi. Biroq Zalujniy harbiylardan bunday iltimos bo’lganini inkor etdi.
Parlamentda ko’rilayotgan qonun loyihasida harbiy safarbarlik yoshini 27 dan 25 gacha tushirish taklif etilmoqda. Harbiy xizmatdan bo’yin tovlaganlarga jiddiy jarima solish va besh yilgacha qamoq jazosi belgilash, xorijga chiqish va avtomobil haydashni, mulkni oldi-sotdi qilish, davlat xizmatlaridan foydalanish va banklardan kredit olishni man qilish ko’zda tutilgan.
Qonun loyihasida, shuningdek, chaqiruvni hozirgidek uyma-uy yurib qo’lga topshirish emas, elektron pochta yoki boshqa aloqa vositalari orqali yuborish taklif etilmoqda.
Hukumat urush boshida xorijga chiqib ketgan yuz minglab ukrainaliklarni ham safarbar etish yo’llarini ko’rib chiqmoqda. Xususan ulardan harbiy ro’yxatdan o’tish talab qilinadi. Qonun qabul qilingan taqdirda Ukrainaning xorijdagi konsullik xizmatlari harbiy ro’yxatdan o’tmaganlarga xizmat ko’rsatishni to’xtatadi.
Qonunchilar frontda 36 oy tinimsiz xizmat qilgan fuqarolarni demobilizatsiya qilishni taklif qilyapti.
Loyiha kelasi hafta muhokama etilishi kutilmoqda.