Ukraina rasmiylariga ko’ra, Malayziyaga qarashli samolyotning halok bo’lgan 298 yo’lovchisi va ekipaj a’zosidan 223 nafarining jasadi so’nggi uch kunda topilgan. Boing-777 payshanba kuni havoda urib tushirilgan.
Reyter axborot agentligiga ko’ra, topilgan jasadlar fojia sodir bo’lgan joydan 15 kilometr naridagi temiryo’l stansiyasi muzlatgichida saqlanmoqda. Torez shahrini ayni damda sharqdagi isyonchilar nazorat qilmoqda.
Isyonchilar samolyotdagi ma'lumotlanri yozib oladigan "qora quti"lar topilganini aytib, ularni xalqaro tergovchilarga uzatishlarini bildirgan.
Ukraina hukumati va separatistlar bir-birini samolyotni urib tushirganlikda ayblamoqda. G'arb davlatlari nazarida Rossiya bunga qodir qurolni isyonchilarga uzatgan.
Avstraliya bosh vaziri Toni Ebbot voqea uchun javobgarlikni Rossiyaga yuklamoqda.
Ebbot Rossiya savdo vaziri bilan gaplashib, voqea ro’y bergan hududni xalqaro tergovchilar borguncha tartibli saqlashni so’ragan.
"Bu Rossiya nazorati ostidagi hudud, Rossiya qo’llab-quvvatlayotgan isyonchilar, samolyotni urib tushirgan qurol ham Rossiyaniki bo’lishi kerak. Rossiya javobgarlikdan osonlikcha qutulib qololmaydi", - dedi Avstraliya bosh vaziri.
Isyonchilar falokatga aloqador ashyolarga tegmasligi kerak, deydi u.
"Rossiya nima desa ham isyonchilar voqea ro’y bergan joyda hamma narsani ostin-ustun qilishda, tergovchilar ishiga halaqit berishda, jasadlar bilan ishga to’siq qo’yishda davom etishadi", - deydi Toni Ebbot.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jennifer Psakining aytishicha, jasadlar va samolyot qoldiqlarining halokat joyidan ko’chirilgani, dalillarga tegilgani yaqinlarini yo’qotgan odamlarga, qurbonlar hurmatiga qarshi bir harakatdir.
Yevropalik kuzatuvchilar samolyot qulagan joyga juma kuni atigi salkam bir yarim soat, shanba kuni esa uch soatdan kam vaqtga qo’yilgan, xolos, deydi Psaki.
AQSh davlat kotibi Jon Kerri Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan gaplashib, kuzatuvchilarga ishlash uchun imkoniyat berishmayotganini aytgan hamda Rossiyani isyonchilarni qurol bilan ta’minlashni bas qilishga chaqirgan.
Lavrov barcha dalillar, jumladan qora qutilar tergovchilarga topshiriladi deya ishontirgan.
Hozircha shunisi ma’lumki, Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchib ketayotgan samolyot raketa bilan urib tushirilgan. Bunga kim qo’l urgani hozircha ma’lum emas.
Britaniya bosh vaziri Deyvid Kameronning Angliyaning “Sunday Times” gazetasida chiqqan maqolasida aytilishicha, fojia Rossiyaning mustaqil davlatni beqarorlashtirib, jangarilarni tayyorlagani va qurollantirganidan bo’ladi.
"Yevropaning ko’p davlatlari Ukraina sharqidagi voqealarga ko’z yummoqda, G’arb Rossiyani tartibga chaqirishi lozim", deb yozadi Britaniya rahbari.