Ukraina va Rossiya prezidentlari oy boshida Parijdagi “Normand to’rtligi” uchrashuvi paytida asir ayirboshlashga kelishib olgan edi. Kelishuvga muvofiq, 29-dekabr kuni Ukraina sharqidagi bo’lginchilar Kiyevga 76 kishini, Ukraina esa asirga olingan 124 odamni topshirdi.
Ukraina sharqidagi mojaroga barham berishga qaratilgan tashabbuslar doirasida o’tgan jarayon Donetsk oblastining Gorlovka shahrida ro’y berdi. Har ikki tomondan harbiylar va harbiy harakatlarda qatnashgan fuqarolar ayirboshlandi.
“Meni Lugansk Xalq Respublikasida davlatga xiyonatda ayblashib, 12 yilga qamashdi. Ota-onamni ko’rgani borib, shahardan chiqolmadim. Bolam o’sha paytda ikki yoshda edi. U meni uch yil kutdi”, - deydi Viktoriya Voronina ismli ayol.
Kiyev tomonidan ozod etilgan bir odam esa qiynoqqa solinganini aytdi.
“Qamoqxona mutasaddilari meni Ukraina xavfsizlik xizmati xodimlaridan qabul qilishdan besh marta bosh tortdi. “Murdani qabul qilmaymiz” deyishdi. Ammo dushman qiynoqlariga qaramay, omon qoldim”, - deydi u.
Ikki yil oldin ham Ukraina va bo’lginchilar asir ayirboshlagan edi. Ukraina bo’lginchilarga salkam 300 odamni, ular esa 70 ga yaqin mahbusni topshirgan. Uch oy oldin esa Rossiya o’tgan yil noyabrida Qrim yaqinida hibsga olingan ukrainalik 24 matrosni va 2014-yilda Qrimda ushlanib, terrorizm ayblovi bilan 20 yilga qamalgan kinorejissyorni ozod etdi.
Tatyana Katicheva ismli ayol o’g’li ancha oldinroq ozod bo’ladi deb umid qilgan edi.
“2017-yilgi ayirboshlash paytida uni ro’yxatdan olib tashlashdi. Bu gal ham ozod bo’ladi deb kutmagandim. Zelenskiyga rahmat”, - dedi ukrainalik ona.
Vladimir Zelenskiy bir necha oy oldin prezidentlikka saylanganida urushni tugataman, deb va’da bergan edi. Yosh rahbar Ukrainaning bo’lginchi hududlar orqali o’tuvchi Rossiya bilan chegara nazoratini tiklamoqchi, Kiyev amriga itoat etishdan bosh tortayotgan Lugansk va Donetskdagi bo’lginchilar esa qurol bilan qozonilgan muxtoriyatdan voz kechmoqchi emas.
“4-5 yillik tutqunlikdan, Ukrainadagi natsistlar kishanlaridan ozod bo’lganimizdan xursandmiz. Jang qilishga tayyormiz”, - deydi Vladimir Grudnik ismli sobiq mahbus.
Lugansk va donetsklik asirlarning 22 nafari bo’lginchi hududlarga qaytishdan bosh tortdi.
Facebook Forum