Qo'shma Shtatlar va Yevropada ayrim rahbarlar Kremldan Ukrainada ayirmachilarni qo'llab-quvvatlashni bas qilishni talab qilmoqda. Aks holda Vashington va ittifoqchilar qattiqroq jazo choralari ko'rishi mumkin.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, bu tahdidlar sulh ijrosiga halaqit beradi. Holbuki, tinchlik kelishuvi endi samara bera boshladi, deydi u.
Ukraina hukumati oxirgi uch kunda ayirmachilar bilan olishuvlar ko'lami qisqarganini tasdiqlayapti. Biroq port shahar Mariupol yaqinida separatistlar hujumlari hanuz davom etayotgani haqida xabarlar bor.
Ayirmachilar seshanba kuni og'ir qurollarni front zonasidan olib chiqa boshlagan. Ayrim jurnalistlar haqiqatan qurollar olib ketilayapti, deydi. Yevropa Ittifoqi kuzatuvchilari hali bu ma'lumotni tasdiqlaganicha yo'q.