11-avgust kuni Ukraina va Rossiya o'rtasida so'z urushi avj oldi. Kreml da'vosiga ko'ra, Kiyev Qrimning muhim infratuzilmasini ishdan chiqarish uchun yarimorolga maxsus sabotajchilar guruhini jo'natgan. Ukraina esa bu da'voni inkor etib, Rossiya shu bahonada Normandiyada o'tishi belgilangan navbatdagi tinchlik muzokaralarida qatnashmaslikka urinayotganini aytdi.
Ukraina rasmiylarining aytishicha, sabotaj missiyasi haqidagi Rossiya gaplari "fantaziya" bo'lib, maqsad sharqiy Ukrainadagi ixtilofni yanada kuchaytirish. Donbas viloyatida Moskva himoyasidagi isyonchi kuchlar hanuz faol bir paytda Rossiya bu yerdagi beqarorlikdan manfaatdor ekani aytiladi.
Rossiya Armyansk shahri yaqinida sabotaj uyushtirmoqchi bo'lganlarni qo'lga olib, ularning rejasini chippakka chiqarganini ma'lum qildi, ammo kimlar qo'lga olinganini ochiqlamadi.
Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmati gumondorlardan birining nomini e'lon qildi. Ukraina armiyasida xizmat qilgan sobiq askar Yevhen Panov, oilasining aytishicha, 6-avgust kuni Qrim chegarasidagi Zaporijya viloyatiga do'stini ko'rgani borganda g'oyib bo'lgan.
Rossiya televideniyesi xavfsizlik xizmatidan olingan tasvirlarni ko'rsatgan. Ulardan birida qonga belangan Panov surati ham aks etgan.
Panovning "Amerika Ovozi"ga gapirgan qarindoshi Ihor Kotelianetsning aytishicha, Panov hech qanday sabotajchi bo'lmagan va Ukraina razvedkasida ham ishlamagan. U armiyani tark etgandan beri haydovchi va elektr mexanik bo'lib ishlagan, deydi Kotelianets.
Iyun oyidan beri Donbasda zo'ravonlik kuchaygani kuzatilmoqda. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilari bunda har ikki tomonni ayblaydi. Ayni paytda rossiyaparast isyonchilar ularning erkin harakatlarinishiga imkon bermayotganini aytishgan.
Ukraina tomoni esa isyonchilar tomonidan bo'layotgan hujumlarga javob qaytarayotganini aytadi. Ukraina Prezidenti ma'muriyatining so'zlovchisi Oleksandr Motuzyanikning aytishicha, shu hafta Donbas viloyatida Ukraina kuchlariga qarshi yuzdan ortiq hujum bo'lgan. Ularda og'ir artilleriya qurollari ham ishga solingan.
Xalqaro kuzatuvchilar zo'ravonliklarning yanada kuchayishidan xavotirda. Qrimda sabotaj missiyasining oldini olish amaliyotida Rossiyaning bir xavfsizlik xizmati xodimi va askari halok bo'lgan. Ularning o'limi javobsiz qolmaydi, deya ogohlantirgan Prezident Vladimir Putin.
Vashingtondagi Brukings instituti tahlilchisi Anders Aslundga ko'ra, Rossiya mintaqada kichik urush boshlashi mumkin.
"Rossiya Duma saylovlarini 18-sentabrga ko'chirdi. Faqat Putinga sodiq partiyalar g'olib chiqishi aniq bo'lsa ham, u kichik va g'alaba keltiradigan urushlar uchun odamlar qo'llab-quvvatlovini olmoqchi", - deydi u.
Tahlilchi fikricha, Putin mojaroni yanada kuchaytirish uchun yetarli asoslarga ega.
"Oxirgi ikki yil ichida Rossiya iqtisodiyoti turg'unlikka yuz tutgan. Bu Putinga vatandoshlarini kichik urushga boshlash uhun barcha asoslarni beradi. Avgust Moskvaning harbiy harakatlari uchun eng qulay fursat. Chunki bu payt G'arbdagi qaror beruvchilar ta'tilda bo'ladi", - deydi u.