Breaking News

Ukraina va ayirmachilar yuzlab asirlarni almashdi


Rossiyaparast isyonchilar va ukrain harbiylari almashinuv chog'ida. Donetsk, 26-dekabr 2014-yil
Rossiyaparast isyonchilar va ukrain harbiylari almashinuv chog'ida. Donetsk, 26-dekabr 2014-yil

26-dekabr kuni Ukraina armiyasi va rossiyaparast ayirmachilar yuzlab urush asirlarini almashdi.

Bu Ukraina sharqida sakkiz oydan buyon davom etayotgan mojaroga chek qo’yish harakatining bir qismi.

Prezident Petro Poroshenko idorasining ma’lum qilishicha, Ukraina 222 dan ziyod mahbusni rossiyaparast kuchlarga topshirgan, ular esa o’z navbatida 146 nafar ukraina harbiylarini qaytargan.

Almashinuv shu hafta boshida amalga oshirilishi kerak edi, ammo Belarusdagi muzokaralar chog'ida vujudga kelgan kelishmovchilik uni kechga qoldirdi.

Shu bilan birga Kiyevda hukumat Qrimga barcha poyezd va avtobus qatnovlari to’xtatilganini ma’lum qildi.

Qrim yarimorolini, G’arb davlatlari va BMT noroziligiga qaramay, shu yil boshida Rossiya o’z hududiga qo’shib olgan edi. Ukraina transport davlat idorasi rasmiylari bunday qarorni yarimorolda xavfsizlik borasidagi vaziyat yomonlashayotgani bilan izohladi.

Shu kungacha isyonchilar va Ukraina hukumatiga qarashli qo’shinlar o’rtasidagi janglar 4700 odam hayotiga zomin bo'ldi. Ulardan 1300 nafari – sentabrda sulhga kelishilgani va tezda buzilganidan buyon halok bo'lgan.

"Prezident va fuqaro sifatida bugun juda xursandman. Yangi yilni hamma o'z oilasi bag'rida kutib olsin",- deydi Poroshenko mahbuslar almashilgani haqida gapirar ekan.

Ozod etilganlar esa "Yashasin Ukraina!" deb hayqirmoqda.

"Prezident bilan ko'rishganimizdan boshim osmonda. Hali asirda o'tirganlar ko'p, ularni ham qutqarish kerak", - deydi Genadiy Manuyev, Donbasda xizmat qilib, separatistlar qo'lida o'tirib chiqqan harbiy.

Anna ismli sobiq asira esa Mariupolda bo'lginchilar tomonidan olib ketilgani, qiynoqqa solingani va bir oy azoblanganini da'vo qiladi.

Rossiyaparast Denis Balbuxov ukrain armiyasini jinoyatlarda ayblaydi. "Bizni jinoyatchi sifatida ko'rib, dardimizni eshitishmadi va faqat azoblashdi",- deydi u.

Kiyevda rasmiylar deydiki, mahbuslarni almashish borasida muzokaralar davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG