Ertaga Belarus poytaxti Minskda Rossiya, Ukraina, Germaniya va Fransiya rahbarlari uchrashib, yangi sulh bitimi xususida gaplashadi.
Kecha Oq uyda Germaniya kansleri Angela Merkel bilan uchrashgan AQSh Prezidenti Barak Obamaning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Ukrainaga qurol uzatish xususida bir qarorga kelmagan.
"Minskdagi muzokaralar natijasidan kelib chiqib ish tutamiz", - dedi Obama.
Obama va Merkel Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalardan voz kechmaslikka kelishib oldi. Yevropa Ittifoqi ham muloqot natijasi ma'lum bo'lmaguncha, Ukrainadagi isyonchilar va Rossiyaga qo'shimcha sanksiyalar qo'ymaslikka qaror qildi.
Fransiya Tashqi ishlar vaziri Loren Fabiusning aytishicha, 19 kishi, jumladan besh rossiyalik hamda to'qqiz tashkilotning mulklari muzlatiladi, Yevropaga kirishi taqiqlanadi. Ittifoq 16-fevral kuni masalani qaytadan ko'rib chiqadi.
Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko AQSh va Yevropadan qurol so'rab, aks holda isyonchilarni yenga olmasligini bildirib keladi.
"Mojaroga harbiy yechim yo'q", - dedi Merkel.
Germaniya va Fransiya Ukrainaga qurol uzatmasligini ma'lum qilgan. Minskdagi muloqotda isyonchilar vakillari qatnashadimi, yo'qmi, hozircha ma'lum emas.
Bu o'rtada Ukraina sharqida isyonchilarga qarshi jang qilayotgan "Azov" xususiy batalyoni Novoazovsk shahri yaqinidagi bir necha qishloqni ishg'ol qilgani haqida Facebook orqali xabar bermoqda. Kramatorsk shahrida ham o'q ovozlari va portlashlar eshitilgan.
Ukraina Mudofaa vazirligi vakilining ma'lum qilishicha, so'nggi 24 soat ichida mojaroda yetti harbiy nobud bo'lgan.
Ukraina hukumati va isyonchilar o'tgan yil sentabrida Minskda sulh imzolagan edi, biroq tomonlar unga amal qilmagan. BMT hisobiga ko'ra, so'nggi 10 oyda Ukraina sharqida 5600 dan ziyod odam o'lgan, biroq Germaniya razvedkasi qurbonlar soni aslida 50 mingdan ko'p ekanini qayd etmoqda.