Prezident Donald Trampga qarshi impichment tekshiruvi davom etar ekan, Ukraina bot-bot tilga olinmoqda. Tekshiruvni olib borayotgan demokratlarning da’vo qilishicha, Tramp raqibi Jo Baydenning o’g’liga qarshi tergov boshlashni talab qilib, Kiyevga bosim o’tkazgan.
Ukraina, inqilob va urushlarni boshdan kechirgan, korrupsiyaga qarshi kurashayotgan mamlakat, AQSh prezidenti atrofidagi mashmashaga o’ralashib qolgani bu jamiyatni hayratga solmoqda.
“To’g’risi, respublikachilar va demokratlar o’rtasidagi muammo bu. Bizga taalluqli emas”, - deydi kiyevlik Irina.
“Ukraina xalqi biladiki, bu ishlar hammasi sirk, Amerikaning o’yini. E’tibor berishga arzimaydi”, - deydi yana bir kiyevlik Vladimir Kostik.
Prezident Trampning da’vo qilishicha, sobiq vitse-prezident Jo Bayden o’z oilasini himoya qilish uchun Ukrainaning o’sha paytdagi Bosh prokurori Viktor Shokin iste’fosini talab qilgan. Bayden bu iddaoni rad etadi.
Shokin Jo Baydenning o’g’li direktorlar kengashiga a’zo bo’lgan energetik kompaniyada ehtimoliy korrupsiyani tekshirayotgan bo’lgan. Shokinning sobiq muoviniga ko’ra, u ishini bajara olmagani uchun ishdan olingan.
“AQSh va xalqaro hamjamiyatning Shokinni ishdan bo’shatish talabi uning ishga noloyiqligi bilan bog’liq edi. Uning faoliyati Maydon inqilobidan keyingi davrga mos kelmagan”, - deydi Shokinning sobiq o’rinbosari David Sakvarelidze.
Tanqidchilar fikricha, korrupsiyaning bir ko’rinishi 2014-yilning yanvarida namoyishlar qonli tarzda bostirilganida yaqqol aks etgan.
Maydondagi namoyishlarda 100 dan ortiq odam halok bo’lgan edi. Hech kimjavobgarlikka tortilmadi. Ko’plab ukrainaliklar ko’zi bilan qaraganda, bu prokuratura tizimining eng yuqori pog’onalaridagi korrupsiya nishonasidir.
Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy poraxo’r rahbarlarni javobgarlikka tortish va’dasi bilan aprel oyidagi saylovda g’olib bo’lgan. Sobiq deputat Serhiy Leshchenko deydiki, Zelenskiy Amerika prezidenti atrofidagi mashmashaga tortilmagani ma’qul.
“Zelenskiy yo respublikachilar, yo demokratlar tomonida deb ko’rilishi xavfi bor. Yagona yaxshi yechim - betaraf bo’lish”, - deydi u.
Ukraina AQShdagi siyosiy to’polonlardan ziyon ko’rishni istamaydi.
“Ukrainaliklar Qo’shma Shtatlarni ularning mustaham ittifoqchisi deb bilardi. Ko’rinishidan, Tramp shunchaki raqibi Baydendan kir qidirish uchun Ukraina rahbaridan foydalanmoqchi bo’lgan ekan”, - deydi “Kiyev Post” gazetasi muharriri Brayan Bonner.
Tramp Baydenni tekshiring deya Ukrainaga bosim o’tkazganini rad etmoqda. Diplomatik mojaro Ukraina Donbass hududida urushni tugatish uchun Rossiya bilan muzokara qilayotgan bir paytda ro’y bermoqda. Ukrainaliklarning hafsalasi pir, deydi tahlilchi Ilya Kusa.
“Donbass bilan, Qrim bilan, Rossiyaga qarshi olib borayotgan kurashimiz bilan Amerikaning ishi yo’q deyishyapti”, - deydi suhbatdosh.
AQShdagi siyosiy mojaroni ko’pchilik diqqat bilan kuzatmoqda. Ukraina G’arbdagi eng yaqin ittifoqchisiga tayana oladimi? Bu savolga javob berish qiyin.
Facebook Forum