Breaking News

AQSh elchisi: Ukraina chegarasida Rossiya qurollari to'planmoqda


AQShning Ukrainadagi elchisi bilan suhbat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:09 0:00

Ukraina sharqidagi isyonchilarni qo’llab-quvvatlashda davom etayotgani uchun AQSh Rossiyaga qarshi yangi jazo choralarini e’lon qildi. Amerikaning Ukrainadagi elchisi Jefri Payetning aytishicha, Rossiya prezidenti bundan to’g’ri xulosa chiqarib, vaziyatni yumshatish choralarini ko’rishi kerak.

17-iyul kuni Malayziya havo yo’llariga qarashli yo’lovchi samolyotining halokatga uchrashi Ukraina sharqidagi mojaroni xalqaro inqirozga aylantirdi.

“Amerika ovozi” bilan suhbatda AQShning Ukrainadagi elchisi Jefri Payet, samolyotning Rossiyada ishlab chiqarilgan qurol yordamida urib tushirilganini tasdiqlovchi dalillar yetarli ekanini aytadi.

“17-raqamli Malayziya reysining bo’lginchilar nazoratidagi hududdan SA-11 raketasi yordamida urib tushirilganiga ishonchimiz komil. Bu qurol keyin Rossiyaga qaytarilgan. Bizga ma’lum bo’lmagan yagona fakt bu amaliyotga kimning buyruq bergani”, - deydi AQSh diplomati.

Moskva bu da’volarni inkor etadi.

Rossiyadan madad oluvchi isyonchilar halokat joyini tekshirish uchun kuzatuvchilarga to’liq imkoniyat bermayapti.

Elchi Payetga ko’ra, isyonchilar bunga ruxsat berishi uchun Vladimir Putindan bir marta telefon qo’ng’irog’i bo’lishi kifoya.

“Shuni esga olish muhimki, o’zini Donetsk Xalq respublikasi deb atayotgan guruh yetakchilarining aksariyati Rossiya fuqarolaridir. Bir qanchasi esa Rossiya razvedkasi xodimlaridan iborat”, - deydi u.

Rossiya isyonchilarga yordam berayotganini inkor etsa-da, AQSh razvedkasi to’plagan so’nggi ma’lumotlar buning aksini ko’rsatmoqda, deydi Payet.

“Rossiya muammoni yanada kuchaytirayotgani aniq. Qo’shni Rostov viloyatida tayyorgarlik lagerlarning mavjudligi ham tashvishga molik. Bu lagerlar atrofida Rossiyaning yanada rivojlangan qurollari soni ortib bormoqda. Ularning Ukrainaga kiritilishi ehtimoli bor”, - deydi diplomat.

“Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti e’lon qilgan so’nggi hisobotda oddiy fuqarolar orasida qurbonlar soni ortib borayotgani tashvish bilan tilga olingan. Ukraina armiyasi fuqarolar o’limini kamaytirish choralarini ko’rmoqda, deydi Payet.

“Shaharlarni hujumga tutmaslik, Donetskda yoki viloyatning boshqa katta shaharlarida urush olib bormaslik bo’yicha prezident Poroshenko o’z va’dasining ustidan chiqadi, deb umid qilamiz”, - deydi AQSh rasmiysi.

AQSh Rossiyaning bir qator jabhalariga, jumladan, hukumatga yaqin ayrim shaxslarga, tashkilotlarga hamda moliyaviy, energiya va mudofaa sohalariga sanksiyalar e’lon qildi.

Yevropa ham shu yo’ldan borishi kutilyapti.

“Shu paytgacha biz qo’llagan jazo choralarining muvaffaqiyati ularga Yevropaning ham ergashgani natijasida qo’lga kiritilmoqda. Rossiya Yevropaning xavfsizligi hamda Ukrainaning hududiy daxlsizligini hurmat qilishi lozimligi haqida muntazam ogohlantirishda davom etamiz”, - deydi AQShning Ukrainadagi elchisi Jefri Payet.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov jazo choralaridan Kremlning xunobi oshganini, ammo “vahimaga berilib” qarshi sanksiyalar qo’llash yo’lidan yurmasligini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG