Breaking News

Rossiya Amerikaga: Ukrainaga qurol uzatish tinchlikka yetaklamaydi


Sergey Ryabkov, Rossiya Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari
Sergey Ryabkov, Rossiya Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari

Rossiya Vashingtonni Ukraina mojarosi sabab unga qarshi yangi sanksiyalar qo'ymaslikka chaqirmoqda. Oqibatlari og'ir bo'ladi, deya ogohlantirmoqda Kreml.

Tashqi ishlar vaziri muovini Sergey Ryabkov deydiki, Obama ma'muriyati Ukraina qo'shinlarini qurol-aslaha va boshqa turdagi vositalar bilan ta'minlab, tinchlikka erisha olmaydi. "Bu boradagi yangi qonun loyihasi hozir Kongressda muhokamada ekani bizga ma'lum", - deydi Ryabkov.

Kreml nazarida bu hujjat Rossiyaga nisbatan ochiq do'q qilish bilan barobar. Agar Ukraina tinch yashasin, tomonlar til topishsin desa, Amerika bu yo'ldan bormaydi, deyiladi bugungi bayonotda.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov dushanba kuni Rimda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan gaplashadi. Senatda allaqachon tasdiqlangan hujjat Ukraina armiyasi uchun 350 million dollarlik yordamni ko'zlaydi. Qurol-aslaha, o'q-dori uzatish, shuningdek, Rossiya eksportchilariga yangi sanksiyalar qo'yish rejada.

G'arb Moskvani Ukraina hukumatiga qarshi kurashayotgan separatistlarni quvvatlayotganlikda ayblab keladi. Ukraina sharqida rus harbiylari faol, deydi rasmiylar. Kreml buni rad etadi, lekin unga ishonch yo'q.

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko fikricha rusparast kuchlar bilan imzolangan sulh samara berib, otishma va to'qnashuvlar o'tgan bir kun ichida to'xtagan. Biroq, deydi u, Ukraina qurolli kuchlari madadga muhtoj. Mamlakat birligini saqlab qolish uchun har qanday tahdidga tayyor turish kerak, deydi u.

Kreml qora ishlarini to'xtatsa, tinchlik keladi, deya ishonch bildirmoqda Poroshenko. Rossiya esa uni G'arb nog'orasiga o'ynayotganlikda ayblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG