Ukraina Rossiya hujumlariga qarshi turish uchun harbiy sanoatini kuchaytirishga urinarkan, moliyaviy qiyinchiliklardan nolimoqda.
Qurol va harbiy texnika ishlab chiqarish bilan shug’ullanuvchi korxona va kompaniyalar pul tugayotganini, rus armiyasi ularni qattiqroq nishonga olayotganini bildirmoqda.
“Ayni paytda Ukraina harbiy-sanoat kompleksiga yiliga 18-20 milliard dollar kerak, biroq hukumat buning atigi uchdan birini ajratishga qodir, xolos”, - deydi Strategik sanoatlar vaziri Oleksandr Kamishin.
Ikki yil oldin urush boshlanganidan beri mamlakatda mudofaa sohasida ishlab chiqarish bilan shug’ullanuvchi xususiy kompaniyalar ikki baravar ko’paydi.
Ukraina xorijiy hamkorlar moliyaviy yordamiga muhtoj. Shu hafta Daniya hukumati Ukrainaga salkam 29 million dollar berishni va’da qildi.
Shirkatlar davlat idoralaridagi qog’ozbozlikdan ham nolimoqda.
Zirhli transport va artilleriya snaryadlarini ishlab chiqaruvchi bir kompaniya rahbari Vladislav Belbasning aytishicha, hukumat faqat joriy yilga buyurtma bermoqda, xolos, bu esa uzoq muddatli rejalashga imkon bermaydi.
Xususiy kompaniyalarga mahsulotlarini eksport qilish taqiqlangan. Rossiya hujumlarining kuchayayotgani bois shirkatlar ishlab chiqarish inshootlarini har uch oyda yangi joyga ko’chirishga majbur bo’layotgani aytiladi.
Ayniqsa Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasiga og’riqli zarbalari ishlab chiqarishga pand bermoqda.
"2022-2023-yillarda ish vaqtining uchdan ikki qismida elektr quvvati bo’lmadi. Busiz biror narsa ishlab chiqarish o’ta qiyin”, - deydi Belbas.
Rossiya esa aksincha harbiy sanoat uchun ishlab chiqarishda muammo sezgani yo’q. Mudofaa vaziri Sergey Shoygu juma kuni Omsk oblastidagi tank zavodida bo’ldi, ishchilar bilan uchrashib, rejani ortig’i bilan bajarishayotganini aytib olqishladi.
Londonda asoslangan Strategik izlanishlar xalqaro instituti bergan ma’lumotga ko’ra, so’nggi ikki yilda Rossiya Ukraina urushida 3000 dan ortiq tank yo’qotgan.
Shoygu korxona rahbarlarini tank sirti uchun himoya vositalarini ishlab chiqarishni kuchaytirishga chaqirdi.
Zavod so’nggi bir yilda 1200 ya qo’shimcha ishchi yollaganini, ishlab chiqarish ikkita smenada ketayotganini, “Solnsepek” og'ir otash tizimlarini ishlab chiqarish 2,5 baravar oshganini ma’lum qildi.
Shoygu dronga qarshi tizimlarni yaratish ahamiyatiga ham urg’u berdi. Rossiya-Ukraina urushida jangovar va razvedkachi dronlar juda katta rol o’ynamoqda.