Breaking News

Ukraina ayollarining faolligi oshmoqda


Ukraina inqilobida ayollar ham faol ishtirok etdi, Kiyev, 24-yanvar, 2014-yil.
Ukraina inqilobida ayollar ham faol ishtirok etdi, Kiyev, 24-yanvar, 2014-yil.
Ukrainada yuz bergan inqilobda ayollar ham faol ishtirok etdi. Kuzatuvchilarning aytishicha, yangilanishlar mamlakatdagi ayollar maqomida ham o’zgarish yasasa ajab emas.
Ukraina ayollari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:29 0:00
Yuklab oling
Mustaqillik maydoni bir necha oy davomida namoyishchilar va ularning tarafdorlari bilan gavjum bo’ldi. Barrikadalar qurib politsiya yo’lini to’sganlar millat qahramoniga aylandi; o’ldirilganlar esa shahidlar sifatida ardoqlanmoqda.
Namoyishchilar orasida ayollar ham bor edi. Ular, asosan, yordamchi vazifalar – ovqat tayyorlash, g’isht tashish, erkaklarga non-choy yetkazish bilan shug’ullandi.

“Erkaklar faqat o’tirishdi. Go’yo ular eng muhim ishni qilayotgandek. Aslida haqiqiy ishni ayollar qilyapti”, - deydi Nina ismli faol.

Bu yosh ayol erkaklar bilan yelkama-yelka turib qo’riqchilik qilmoqda.

“Pishirishni, tozalashni bilaman. Gapirishni ham bilaman. Ayni paytda qanday o’ylashni, qanday tashkillashtirishni va kurashishni ham bilaman”, - deydi u.

Nina yangi o’zgarishlar yaratgan imkoniyatdan foydalanib, o’z hayotida inqilob yasashga urinayotgan ayollardan biri.

Muhim hujjatlar yo’qolishining oldini olish maqsadida hukumat binosini qo’riqlayotganlar orasida Aleksandra Nazarova ham bor.

“Men ayollarni o’zlari xohlagan sohalarda faol bo’lishlarini istayman. Shu yo’lda ularni ruhlantirishni maqsad qilganman”, - deydi u.

O’tgan oy faol ayollar tomonidan Ayollar brigadasi tuzildi. Nina Potarska tashkilot asoschilaridan biri.

“Sobiq hukumat davrida biz teng huquqlilik va teng imkoniyatlar uchun uzoq kurashdik. Agar endi maqsadlarimizga erishmasak, bu kurashlardan hech qanday foyda yo’q”, - deydi u.

Turli yoshdagi ayollar qo’llaridan kelgancha namoyishchilarga yordam berishga harakat qilmoqda.

“Eng muhimi, hozir ayollar qanday ishtirok etish bo’yicha o’zlari qaror bera oladi. Shuningdek, ular o’z hayotiga aloqador ishlarda ishtirok etishi muhim ekanini ham tushunishi kerak”, - deydi Ukraina xotin-qizlar jamiyati raisi Mariya Alekseyenko.

Mustaqillik maydonidagi siyosiy kurash hali o’z nihoyasiga yetgani yo’q. Namoyishchilar boshi uzra sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenkoning ulkan surati qad ko’targan. Timoshenkoning bunday darajaga ko’tarilishini kamyob hodisa deyish mumkin. Chunki mamlakat ayollarining jamiyatdagi faolligi shu paytgacha, asosan, an’anaviy, yordamchi vazifalar bilan cheklangan. Ammo yangi avlod ayollari davlat ishida ham faol ishtirok etishni maqsad qilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG