Breaking News

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 75 yoshda


Shu hafta Birlashgan Millatlar Tashkiloti 75 yilligini nishonlamoqda.

Xalqaro hayot – 22-sentabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:19 0:00

1945-yil iyunida Kaliforniyaning San-Fransisko shahrida tashkilot nizomi imzolangan. Ikkinchi jahon urushi yakunidan so’ng tuzilgan tashkilot kelajakda bu kabu dahshatli urushlarning oldini olish uchun, xalqaro mojarolarni tinch yo’l bilan hal qilish uchun platforma taklif etdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning aytishicha, yubiley sanani nishonlayotgan tashkilot bugun yangicha muammolar va inqirozlarga yuz tutmoqda.

“COVID-19 pandemiyasi dunyoning nozik tomonlarini ochib berdi. Bu muammoni faqat hamkorlikda hal qilishimiz mumkin. Ko’p tomonlama muammolar ko’payib borarkan, ko’p tomonlama yechimlar kamomadi bilan yuzlashyapmiz”, - dedi bosh kotib.

Shu onga qadar dunyodagi 31 milliondan ortiq odamda koronavirus aniqlangan bo’lsa, 970 mingdan ziyodi o’lgan.

Guterrish BMTning ochlik va qashshoqlikni kamaytirish, kasalliklarni yo’q qilish, mojaro va tabiiy ofatlarning millionlab jabrdiydalariga yordam berish bobidagi yutuqlarini sarhisob qilish bilan bir qatorda dolzarb muammolarga ham ishora qildi.

“Iqlim o’zgarishi bilan bog’liq ofatlar ko’paymoqda, biologik xilma-xillik yo’qolib bormoqda, qashshoqlik yana kuchayayapti, adovat tarqalmoqda, geosiyosiy ziddiyatlar oshmoqda”, - deydi Guterrish.

Pandemiya sabab BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi virtual shaklda o’tmoqda. Nyu-Yorkka borishga ehtiyoj qolmagani uchun bu yilgi tadbirda rekord miqdorda davlat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. 170 dan ortiq prezidentlar, bosh vazirlar, qirollar BMTga bayonotini yo’llagan.

Yilning bu paytida odatda delegatlar bilan to’ladigan Bosh Assambleyaning katta zalida bu gal har bir a’zo mamlakatdan bittadan vakilga ruxsat berilgan, xolos.

Tashkilot tanqidchisi bo’lgan AQSh Prezidenti Donald Tramp BMTning Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti hamda boshqa dasturlariga moliyaviy yordamni kesgan.

“BMTning 75-yilligida tashkilotning kuchi va zaif tomonlari haqida savollar berishimiz o’rinlidir. O’tmishdagi muvaffaqiyatsizliklaridan saboq olib, yutuqlarini nishonlash vaqti bu”, - dedi AQShning BMTdagi elchisi o’rinbosari Sherit Norman Shale.

AQShning tashkilotdagi faolligi tushgan bir paytda Xitoy uning o’rnini egallashga urinmoqda.

“Xitoy ko’p qirralik siyosatning asl targ’ibotchisi bo’lishda davom etadi. Global boshqaruv tizimini isloh qilish va rivojlantirish jarayonida faol ishtirok etamiz. BMTga asoslangan xalqaro tizimni qo’llab-quvvatlaymiz”, - dedi Xitoy Prezidenti Si Zinpin.

BMTga a’zo 193 davlatning barchasi bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsagina, dunyo yuzlashayotgan ko’plab muammolarni hal qilish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG