Breaking News

BMT: Afg'onistonda xavfsizlik bo'yicha vaziyat og'irlashmoqda


Bagram havo bazasi yaqinidagi nazorat posti
Bagram havo bazasi yaqinidagi nazorat posti

BMTning Afg'onistondagi vakili mamlakatda xavfsizlik bo'yicha vaziyat og'irlashganini ma'lum qildi. Kecha Bagram havo bazasi yaqinidagi nazorat punktiga Tolibon uyushtirgan hujumda 6 AQSh askari halok bo'lgan.

BMT rasmiysi Nikolas Heysomning aytishicha, afg'on askarlari bor imkoniyatlarini ishga solib bo'lgan. Ularga yaxshiroq boshqaruv, yuklarni ko'chirish tizimi hamda kayfiyatni ko'taruvchi muhit kerak, deydi u. Shuningdek, u hukumatni kelasi yil samaraliroq ish yuritishga chaqirdi.

AQSh yetakchiligidagi NATO kuchlari Afg'onistonda harbiy missiyasini tugatganiga bir yil bo'ldi. Hozir mamlakatda qolgan 10 mingga yaqin Amerika askari, asosan, maslahatchilik vazifasini bajarmoqda.

AQSh Davlat departamenti o'tgan hafta e'lon qilgan hisobotda afg'on askarlari egallangan hududlarni birdek nazorat qila olmayotgani hamda ular, asosan, mudofaa pozitsiyasidan ish yuritayotgani tilga olingan. Hisobotga ko'ra, bir yil davomida Afg'onistonda zo'ravonlik hajmi 27 foizga o'sgan.

2001-yil Tolibonga qarshi urush boshlangandan beri 1800 dan ortiq AQSh askari halok bo'lgan.

Tolibon Bagram bazasidagi hujum uchun mas'uliyatni o'z bo'yniga olib, amaliyotda 19 askarni o'ldirganini da'vo qildi. Isyonchi guruh, odatda, raqamlarni bo'rttirib ko'rsatadi.

Oq uy hodisani "qo'rqoqlarcha amalga oshirilgan hujum" deya qoraladi va AQSh Afg'oniston xalqi va hukumatini qo'llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG