Donald Trampning Amerika manfaatlarini ustun qo’yuvchi to’rt yillik “Amerika birinchi navbatda” siyosati Jo Baydenning prezidentlikka saylanishi ketidan tubdan o’zgarishi kutilmoqda. 20-yanvarda rasman ish boshlovchi Bayden AQShga dunyodagi yetakchi rolini qaytarishga so’z berdi.
“Dunyoga bosh bo’lishga tayyormiz, chekinishga emas. Dushmanlarimizga qarshi turishga tayyormiz, ittifoqchilarimizdan yuz o’girishga emas. Qadriyatlarimizni himoya qilishga tayyormiz”, - dedi Bayden.
Tramp ma’muriyati BMTning turli idoralari yurituvchi dasturlarga ajratiladigan millionlab dollar pulni to’xtatib qo’ygan. Natijada tashkilotning tinchlikparvar faoliyati, falastinlik qochqinlarga berayotgan yordami, ayollarning reproduktiv salomatligi bilan shug’ullanuvchi dasturlar jiddiy moliyaviy ko’maksiz qoldi. Tramp iqlim o’zgarishiga qarshi kurashni maqsad qilgan Parij iqlim bitimidan ham chiqdi.
Bayden Trampning xalqaro sahnadagi ayrim qarorlarini bekor qilmoqchi. Kuzatuvchilarga ko’ra, Bayden tashqi siyosati BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga kattaroq rol o’ynashga imkon beradi.
“Nazarimda, Guterrish keyingi yilga iqlim o’zgarishi, tengsizlikka qarshi kurashga doir katta rejalar tuzmoqda. U xalqaro hamkorlikni ko’zda tutgan katta tashabbuslarni targ’ib qilishga erkin endi, chunki Trampni xafa qilib qo’ymaslik uchun ma’lum payt o’ta ehtiyot bo’lishga harakat qildi”, - deydi Xalqaro inqirozlarni o’rganish guruhi eksperti Richard Govan.
Bayden professional diplomat Linda Tomas-Grinfildni AQShning BMTga elchisi lavozimiga tayinlamoqchi.
“Amerika qaytdi. Ko’p tomonlama siyosat qaytdi. Diplomatiya qaytdi”, - dedi u.
Elchilar Tomas-Grinfildning ushbu lavozimga tanlanganidan xursand.
“U tajribali mutaxassis, 30 yildan oshiq vaqt diplomatiya bilan shug’ullangan. Hozir bizga aynan diplomatik tomondan mohir, yetuk, mushtarak maqsadlar uchun ishlashga tayyor odam kerak”, - deydi Janubiy Afrikaning BMTdagi elchisi Jerri Matjila.
Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimga qaytish Bayden ma’muriyati uchun muhim sinov bo’ladi, deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti ilmiy xodimi Randa Slim.
“Bayden uchun bu masala oson kechmaydi. Agar Eron 2015-yilda imzolangan bitimga to’liq amal qila boshlasa, AQSh yangi muzokaralarni boshlash uchun unga qaytadi. Ana shundan keyin qiyinchiliklar chiqib kelaveradi”, - deydi mutaxassis.
Tramp ma’muriyati BMTda faoliyatini susaytirgan bir paytda Xitoy o’z ta’sirini oshirishga muvaffaq bo’ldi.
“Bayden Xitoy ta’sirini cheklashga harakat qiladi, ammo shu bilan birga, Pekin bilan ishlash muhimligini tushunadi”, - deydi tahlilchi Govan.
AQShning ittifoqchilari ham, raqiblari ham Bayden va uning BMTdagi elchisi Amerika tashkilotdagi liderligini qanday uddalashini ko’rmoqchi.
Facebook Forum