Breaking News

Ocharchilikni kamaytirishning yo'li ayollarga ko'proq erkinlik berish


BMTning oziq-ovqat bo’yicha maxsus vakili ayollar huquqlarini ta’minlash orqali dunyo bo’ylab ochlar sonini kamaytirish mumkin, deydi. Yaqinda BMTning Inson huquqlari kengashiga o’z hisobotini taqdim etgan rasmiy xulosasiga ko’ra, xotin-qizlar ahvoli yaxshilansa, ularning oilasi ham yaxshiroq yashaydi, bu esa pirovardida jamiyatlar farovonligini ta’minlaydi.

Izlanishda asosiy e’tibor ayollarga nisbatan tazyiqlarning oqibatlariga qaratiladi. Ham uy, ham ishda og’ir mehnat qilishiga qaramay xotin-qizlar hech qanday qudratga ega emas, aksariyat hollarda ta’lim olish yoki iqtisodiy ahvolini yaxshilash maqsadida yangi ish qidirish imkonidan ham mahrum.

BMTning maxsus vakili Olivye De Shutter deydiki, zimmasiga oila boqish va fermerlik xo’jaligini boshqarish vazifasi tushgan ayollar soni tobora ko’paymoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlarda erkaklar daromadli ish qidirib, fermalarini tashlab ketadi. Biroq ular o’rnini egallagan uy bekalarining imkoniyatlari cheklangan, oila ahvolini yaxshilay olmaydi, deydi BMT rasmiysi. Ular bola boqish, keksalarga qarash va ovqat pishirish, suv va o’tin olib kelish kabi yumushlarni davom ettiradi. Lekin oila byudjeti bu ayollar ixtiyorida emas.

“Ro’zg’orni qanday yuritish, pulni nimaga sarflashda fikri inobatga olinmas ekan, ayollar farzandlarining salomatligi, ta’limi va ovqatini yaxshilay olmaydi. Izlanish shuni ko’rsatdiki, onalarga bola salomatligi va oilaga oid boshqa masalalarni hal etish huquqi berilgan hollarda bolalar o’limi 20 foizga kamaygan. Chunki ayol bola manfaatlarini ko’zlab ish tutadi va to’g’ri qaror qabul qiladi”.

De Shutter deydiki, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning eng samarali yo’li ayollarga ta’lim olish imkoniyatini yaratishdir. Oliy ma’lumotli qizlar kechroq turmushga chiqib, kamroq farzand ko’radi, oilasi ham sog’lomroq bo’ladi.

Rivojlanayotgan mamlakatlarda 25 yil davomida, ya’ni 1970-yildan 1995-yilgacha davom etgan tadqiqot shuni ko’rsatganki, xotin-qizlarga ta’lim olish imkonlari berilgani sababli ocharchilik 43 foizga kamaygan.

Jinslar orasidagi tenglikka erishishni ta’minlash uchun yanada qattiqroq harakat qilishimiz kerak, deydi BMT rasmiysi:

“Muvaffaqiyatga erishishning yagona yo’li aniq. Erkaklar ham bu jarayonda qatnashishi va roli muhimligini anglab yetishi kerak. Ular ayollarga ko’proq huquq berilishidan cho’chimay, aslida bu ular uchun ham foydali ekanini tushunsin. Islohotlarni erkaklar bilan birgalikda, ularning faol ishtirokida amalga oshirishimiz lozim”.

Olivye De Shutter fermerlik xo’jaligiga rasman egalik qilish, kredit olish kabi amaliyotlarda xotin-qizlar huquqlarini cheklaydigan qonunlarni bekor qilishga undamoqda.

Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi xalqaro tashkilotining 2010-yilgi hisoboti xulosasiga ko’ra, agar dehqonchilik xo’jaligini boshqarishda, xususan o’g’it, urug’ va mehnat qurollarini sotib olishda ayollarga erkaklar bilan teng huquq berilsa, hosildorlikni 20-30 foizga oshirish mumkin.

Ayollarga ro’zg’or masalasida yordam berish kerak, ko’plab yumushlardan ozod etib, qo’llab-quvvatlash kerak. Buning uchun bolalar bog’chalari ochilsin, suv va gaz yetib bormagan joylarda kerakli inshootlar qurilsin, deydi BMT rasmiysi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG