Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining o’tgan hafta boshlangan 75-yillik sessiyasi doirasida shu hafta davlat rahbarlari ma’ruza qila boshlaydi. Koronavirus pandemiyasi sabab bu gal ular Nyu-Yorkka bormaydi, dunyo ahliga virtual shaklda murojaat qiladi, bayonotlari oldindan yozib olingan.
“COVID pandemiyasi zamonamizning boshqa inqirozlariga o’xshamagan turidir, shu sabab Bosh Assambleyaning bu yilgi sessiyasi o’zgacha o’tmoqda”, - deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Olimlar koronavirusga qarshi vaksina ustida izlanar ekan, 30-sentabr kuni davlat rahbarlari virtual majlisda xavfsiz va samarali vaksina bo’yicha izlanishlarni tezlashtirish yo’llarini muhokama qiladi.
Pandemiya sabab oqsayotgan iqtisodiyotni tiklash, tengsizlik va iqlim o’zgarishiga qarshi kurash mavzulari ham ko’tariladi.
Nyu-Yorkka borishga ehtiyoj qolmagani uchun bu yilgi tadbirda rekord miqdorda davlat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. 170 dan ortiq prezidentlar, bosh vazirlar, qirollar BMTga bayonotini yo’llagan.
Yilning bu paytida odatda delegatlar bilan to’ladigan Bosh Assambleyaning katta zalida bu gal har bir a’zo mamlakatdan bittadan vakil bo’ladi, xolos.
AQSh Prezidenti Donald Tramp ham ma’ruza qilishi kutilmoqda. Tahlilchilarning taxmin qilishicha, Tramp, asosan, o’z yutuqlariga urg’u beradi, Xitoyga qarshi tanqidlar yog’diradi.
“Nazarimda, Tramp shu fursatdan foydalanib, Xitoyni koronavirus kelib chiqishida, Jahon sog’liqni saqlash tashkilotini esa virusni jilovlay olmaganlikda ayblaydi”, - deydi Xalqaro inqirozlar guruhi eksperti Richard Govan.
Tramp Eronni ham nishonga olishi mumkin.
Bosh Assambleya sessiyasi doirasida Liviyadagi mojaroga bag’ishlangan virtual majlis bo’lishi kutilmoqda, davlat rahbarlari 4-avgust kuni Bayrutdagi kuchli portlash ketidan Livanga yordam berish xususida ham fikr almashadi.
Facebook Forum