Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi har sentabr oyida yillik sessiyasini o’tkazadi. Bir necha kunlik tadbir shu hafta boshlandi. Ukraina urushi bu yili so’zsiz markaziy mavzu bo’lishi kutilyapti. G’arb davlatlari aynan shu mavzuga urg’u berishi aniq.
O’tgan hafta vafot etgan Britaniya qirolichasi Yelizaveta Ikkinchining 19-sentabrga belgilangan dafn marosimi ham unga taklif etilgan davlat rahbarlarining jadvaliga, ham Bosh Assambleya sessiyasi jadvaliga tuzatish kiritishi aniq.
“Dunyomizni urush buzdi, iqlimdagi tartibsizlik vayron qildi, adovat yaraladi, qashshoqlik, ochlik va tengsizlik sharmanda qildi”, - deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
BMT Xavfsizlik Kengashining bugungi majlisida tashqi ishlar vazirlari Ukrainadagi so’nggi voqealarni muhokama qilishi rejalangan. Ayniqsa Zaporojye atom elektrostansiyasidagi vaziyat alohida xavotirga molik.
"Olov bilan o’ynashyapmiz. Yadroviy fojiadan bir qadam bo’lgan vaziyatning davom etishi to’g’ri emas. Zaporojye atom elektrostansiyasining xavfsizligi qil uchida turibdi”, - deydi Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik rahbari Rafael Grossi.
G’arb rasmiylari BMT anjumanida Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo’shilmagan mamlakatlarni o’z tomoniga og’dirishga zo’r berishi kutilyapti.
“Afrika va Osiyodagi ko’p davlatlar Rossiya bilan xavfsizlik va iqtisodiy yo’nalishlarda aloqa qiladi. Mart oyida ular bosqinni tanqid qilgan, biroq BMT Moskva bilan jiqqalashgisi yo’q”, - deydi Xalqaro inqirozlar guruhidan Richard Govan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yillik sessiyada qatnashmaydi. Urush boshidan beri mamlakatini tark etmayotgan Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyning ishtiroki esa ma’lum emas.
“Ayni damda tinchlikka erishish mumkin degan xayoldan yiroqman”, - deydi Guterrish.
G’alla yetishtirish bo’yicha dunyning yetakchi mamlakatlari bo’lgan Rossiya va Ukraina o’rtasidagi urush dunyoda oziq-ovqat inqirozini kuchaytirdi. Anjumanda bu ham muhokama etiladi.
Ta’minot tizimlarining ishdan chiqqani va oziq-ovqatning qimmatlashi oqibatida so’nggi 40 yilda eng yomon qurg’oqchilik bilan yuzlashayotgan Afrika Shoxi mintaqasida vaziyatni keskin yomonlashtirdi.
Masalan, Somalida 20 millionga yaqin odam o’tkir to’yib ovqat yemaslik bilan yuzlasharkan, salkam 8 millioni ochlik yoqasida turibdi.
AQSh Prezidenti Jo Bayden anjumanda so’zlashi, global oziq-ovqat xavfsizligi masalasida yuqori darajali uchrashuv o’tkazishi kutilmoqda.
Yuzlab odamni nobud qilgan halokatli toshqinlarga yuz tutgan Pokistondan qaytgan BMT rahbariga ko’ra, iqlim o’zgarishi har doimgidek faol muhokama qilinadi.
“Pokistondagi ahvol dunyoning iqli o’zgarishi bilan yetarlicha shug’ullanmayotganini ko’rsatmoqda. Buning negizida adolatsizlik va xiyonat yotibdi”, - deydi Guterrish.
Koronavirus pandemiyasi sabab davlat rahbarlari Bosh Assambleyaning so’nggi ikkita sessiyasida virtual qatnashgan edi.
Facebook Forum