Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi davom etmoqda. Davlat rahbarlari va tashqi ishlar vazirlari o’z mamlakatlari va mintaqalari uchun dolzarb bo’lgan mavzularda ma’ruzalar qilmoqda.
Shimoliy Koreya va Eron yadro dasturlari, Suriya va Yaman urushlari, Yaqin Sharqdagi vaziyat, iqlim o’zgarishi, giyohvandlik kabi butun dunyo e’tibori markazidagi masalalar ham muhokama etilmoqda.
Janubiy va Shimoliy Koreya tarixiy bitim arafasida ekan, AQSh Prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan ikkinchi bor ko’rishishga hozirlanmoqda. Uchrashuv qachon va qayerda bo’lishi hozircha noma’lum, diplomatlar o’zaro kelishmoqda.
Tramp yadro dasturi masalasida Eron bilan muzokaraga tayyorman, biroq siyosatini o’zgartirsin, deydi. Eron prezidenti Trampga keskin javob berdi. AQSh Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimdan chiqqanidan so’ng Tramp bekor qilingan sanksiyalarni tikladi, Eron bilan ish qilgan kompaniya va mamlakatlarni jazolaymiz, dedi.
“Xitoy, Rossiya Amerika sanksiyalarini aylanib o’tishga usta. Biroq yevropalik hamkorlar dollar bilan, SVIFT tizimi bilan ish qiladi. Shu sabab ular uchun bu ish qiyinroq. Davlatga qarashli ba’zi kompaniyalar, kichikroq shirkatlar Eron bilan biznes qilyapti. Chunki ular hozircha AQSh diqqat markaziga tushmagan”, - deydi Vashingtondagi Gudzon instituti tahlil markazi eksperti Mayk Prejent.
Sessiyada global salomatlik mavzusi ham muhokamada. Sildan tuzalgan Tamrin Grin shu yili Janubiy Afrika go’zali deb e’tirof etildi.
“Ayrimlar odamning immunitet tanqisligi virusisiz silga chalinish mumkin emas deb o’ylashadi. Men tibbiyot universitetida uchinchi kursda o’qiyotganimda silga chalindim. Tibbiyotni o’rganayotgan o’qimishli inson bo’lsam ham odamlar meni ajratadi deb qo’rqqanman”, - deydi u.
Prezident Trampning rafiqasi Melaniya ham Bosh Assambleya majlislarida qatnashmoqda. U kelasi oy Amerika Birinchi xonimi sifatida ilk bor Afrikaga safar qilishini bildirdi.
Facebook Forum