BMTning Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari O`zbekistonda uchrashuvlar o`tkazmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan kutilayotgan muzokaralar mamlakatdagi inson huquqlariga oid vaziyatda o`zgarish qilishiga umidlar mavjud. Davlat rahbari bilan uchrashuvda BMT rasmiysi inson huquqlarini muhokama qiladi. Hozirgacha bu masala oliy maqomdagi uchrashuvlarda alohida ko'tarilmagan edi. Tashrif yangi hokimiyatning inson huquqlari bo`yicha pozitsiyasini ham aniq belgilab berishi kutilmoqda.
BMT vakilining tashrifi huquq himoyachilarida umid uyg`otmoqda. Tashrif arafasida Oliy komissarning o`zbek rasmiylari bilan muzokaralarda nimalarga diqqat qaratishi lozimligi yuzasidan murojaat va bayonotlar bildrilmoqda.
Huquq faollarining asosiy talablaridan biri mamlakatdagi siyosiy mahbuslarning shartsiz, zudlik bilan ozod etilishiga erishish. O`zbekiston fuqarolik jamiyati vakillarining BMT komissari tashrifi munosabati bilan tarqatgan bayonotida ozod etilishi talab qilingan 20 ga yaqin siyosiy mahbus ro`yxati keltirilgan. Unda, shuningdek, BMT mutaxassislarining O`zbekistonga kirishiga qo`yilgan taqiqlarni bekor qilishga ham chaqiriladi.
“Oliy komissarning Mirziyoyev bilan o`tadigan uchrashuvlari natijasida fuqarolik jamiyati vakillari hukumat va`dalariga ishonishi kerakmi, yo`qmi, ma`lum bo`ladi. Yoki yana yolg`on va`dalar davom etadimi? Avval BMT vakillarining mamlakatga kirishi taqiqlab kelingani inobatga olinsa, yangi hokimiyatning Oliy komissarni qabul qilishga, muhokamalarga tayyorligini bildirayotgani umidli ko`rinadi. Biz huquq himoyachilari va jurnalistlardan iborat bo`lgan 18 nafar siyosiy mahbusning ro`yxatini taqdim etganmiz, ular zudlik bilan biron shartlarsiz ozod qilinishi kerak”, - deydi murojaat tashabbuschilaridan biri Mo`tabar Tojiboyeva.
BMT oliy komissarining O`zbekistonga safaridan nafaqat mamlakat fuqarolik jamiyati vakillari, balki xalqaro huquq tashkilotlari ham aniq natijalar kutishmoqda.
"Human Rigts Watch" tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlovga ko`ra, BMT vakilining O`zbekistonga tashrifi mamlakatdagi inson huquqlariga oid vaziyatni o`nglash uchun juda muhim imkoniyat. Oliy komissar O`zbekistondagi muzokaralarida xalqaro huquq tashkilotlari, shuningdek, xalqaro matbuotning mamlakatda faoliyat boshlashiga doir vaziyatni ham muhokama qilishi kerak, deydi u.
Raad al-Husaynning safari 10-12-may kunlariga - O`zbekiston va BMT o`rtasidagi ziddiyatli qolayotgan Andijon fojealari voqeasiga 12 yil to`layotgan kunlarga to`g`ri kelmoqda. Bu qirg`in yuzasidan xalqaro surishtiruv o`tkazilmadi, Toshkent masala yopilgan deb hisoblaydi. Oliy komissar muzokaralarida bu savol qanchalik aks etadi, noma`lum. Uning Abdulaziz Komilov bilan uchrashuvida bu masala muhokama qilingani haqida xabar yo`q.
O'zbekistonlik huquq faoli Mo`tabar Tojiboyevaning aytishicha, Andijon voqealari masalasiga BMT ham diqqatni susaytirgan; tashkilotning sobiq bosh kotibi O`zbekistonga tashrif buyurganda bu masala mutlaqo ko`tarilmagan edi.
“Agar bu safar BMT tomonidan Andijon fojelari tilga olinadigan bo`lsa, demak, bu masalani yana kun tartibiga chiqarish uchun harakat qilinayapti. Agar Andijon fojealariga 12 yil to`layotgan bir paytda o`tayotgan uchrashuvda Oliy komissar Andijon voqealari haqida hech narsa demasa, fuqarolik jamiyati vakillari bu safarni qoniqarli baholashlari qiyin bo`ladi”, - deydi huquq himoyachisi.
10-may kuni Toshkentga kelgan BMT Oliy komissari Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Inson huquqlari bo`yicha Milliy markaz rahbari Akmal Saidov bilan muzokara o`tkazgan. Raad al-Husayn poytaxtda tashkil qilingan “Inson huquqlari va o`zaro hamkorlik” deb nomlangan forumda ishtirok etgan. U endi O`zbekiston prezidenti tomonidan qabul qilinishi kutilmoqda.