BMT e’lon qilgan yangi hisobotga ko’ra, “Islomiy davlat” jangari guruhining ozchilik diniy va etnik elatlarga nisbatan sodir etayotgan zo’ravonliklari misli ko’rilmagan vahshiylikka asoslangandir. Jenevada boshlangan uch haftalik Huquqlar kengashida shu masala asosiy bahs mavzusi bo’lishi kutilyapti.
BMTning Inson huquqlar bo’yicha yangi Oliy komissari etib tayinlangan Zeyd Rad al-Husayn o’zining ilk nutqida dunyo bo’ylab urush hududlarida inson huquqlari keskin toptalayotganiga alohida urg’u berdi.
Asli iordaniyalik Zeid Yaqin Sharqda behisob insonlar hayoti boy berilayotganini ta’kidlab, “Islomiy davlat” jangari guruhini keskin tanqid ostiga oldi. Xususan, amerikalik jurnalist Jeyms Foli hamda Suriya va Iroqda yuzlab begunoh insonlarning qatl etilganini misli ko’rilmagan vahshiylik deya atadi.
“Ular o’zlaridan boshqacha fikrlaydigan barchani kofirga chiqaradi. Ularning qarashi esa juda tor. Guruh fikriga qo’shilmasangiz, bu o’limingizni bo’yningizga oldingiz, degani. Qo’shnilarga shafqat degan narsa yo’q. Ulardan farqli e’tiqodga ega butun insoniyat – musulmonlar, nasorolar, yahudiylar va boshqalar o’limga mahkum etilgan”, - deydi BMT vakili.
Zeydga ko’ra, “Islomiy davlat” guruhining qilmishlarini insoniyatga qarshi jinoyat bilan tenglashtirish mumkin. Bu jinoyatlarni sodir etganlar javobgarlikka tortilishi kerak, deydi u. Yana uning aytishicha, Suriya va Iroqda yuz bergan inqiroz uchun bu davlatlardagi ayirmachi va yulg’ich siyosat aybdor.
BMT Oliy komissari Falastin mojarosini ham tilga olib, G’azo, G’arbiy sohil hamda Sharqiy Quddusda yashovchi falastinliklar boshqalar kabi yaxshi hayot kechirishga haqli ekanini aytdi.
“Yetti yillik qamalga barham berib, barcha tomonlardan begunoh fuqarolarga qarshi jinoyat sodir etganlar javobgarlikka tortilishi kerak. Shuningdek, isroilliklar ham raketa hujumlari xavfidan xoli va erkin yashashga haqli”, - dedi u.
Ukraina mavzusiga kelganda, BMT rasmiysi mojaroga aralashgan barcha guruhlarni, jumladan, qo’shni davlatlar va Rossiyani fuqarolar hayotini saqlash uchun barcha choralarni ko’rishga chaqirdi.
BMTning inson huquqlari bo’yicha yangi vakili BMT Xavfsizlik kengashi a’zolarining veto huquqidan foydalanishini tartibga solish maqsadida yangi kodeks qabul qilish masalasini ham ko’tardi. Uning aytishicha, insoniyatga qarshi jinoyat sodir etilgani asosli hujjatlar bilan isbotlangan holatlarda Kengash a’zolari veto huquqidan foydalanmasligi kerak.
25-sentabr kuni Nyu-Yorkda vazirlar darajasida o’tkaziladigan yig’inda shu mavzu yana muhokama qilinishi kutilyapti.