Breaking News

BMT jurnalistlar xavfsizligini kuchaytirish bo'yicha reja ishlab chiqdi


Urush maydonidagi jurnalistlar, Liviya, 11-mart, 2011-yil.
Urush maydonidagi jurnalistlar, Liviya, 11-mart, 2011-yil.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, har yili dunyoda kasbiy faoliyati bois o’ldirilayotgan jurnalistlar soni juda ko’p. Ularning qotillari kamdan-kam hollarda sudga tortiladi. Jurnalistlar xavfsizligini yanada kuchaytirish maqsadida BMTning YUNESKO agentligi bir reja ishlab chiqdi.

Mojaro zonalaridan xabar uzatgan amerikalik jurnalist Mari Kolvin 22-fevral kuni Suriyada o’ldirilgan edi. U 2012-yilning dastlabki besh oyida halok bo’lgan 65 jurnalistning biri. Shveysariyaning “ATS” axborot agentligi hisob-kitobiga ko’ra, bu o’tgan yilga qaraganda 50 foizga ko’p. Qurbonlarning kamida 15 tasi Suriyada, yetti nafari Meksikada va oltitasi Somalida halok bo’lgan. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti e’lon qilgan so’nggi hisobotga ko’ra, bu yil qamoqqa tashlangan jurnalistlar soni 163 ta.

“Bu yilgi raqamlarga qaraydigan bo’lsak, hibsga olingan va o’ldirilgan jurnalistlar soni tashvishlanarli darajada o’sganiga guvoh bo’lamiz. Bu jiddiy muammo”, - deydi Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakili Kristof Xeyns.

Xeyns BMT tergovchisi sifatida sudsiz va asossiz qatl etilgan insonlar ishini tekshiradi. Navbatdagi yillik hisobotida u jurnalistlar hayotini himoya qilishga alohida e’tibor qaratdi.

“Statistikalarda, asosan, qurolli mojarolarda xorijlik jurnalistlarning qurbon bo’layotgani ko’rinadi. Ammo o’lim hollarining uchdan ikki qismi urush bo’lmagan hududlarda ro’y bermoqda. Qurbonlar radio, gazeta, internet va boshqa joylarda ishlayotgan mahalliy jurnalistlardir”, - deydi Xeyns.

BMTning fikr erkinligi bo’yicha maxsus surishtiruvchisi Frank La Ryuning aytishicha, jurnlalistlarga hujum qiluvchi, ularni o’ldiruvchi va qamoqqa oluvchi kuchlar tergov qilinishi va jazoga tortilishi kerak.

"Amerika Ovozi"ning 2007-yil Qirg'izistonda otib ketilgan muxbiri Alisher Soipov
"Amerika Ovozi"ning 2007-yil Qirg'izistonda otib ketilgan muxbiri Alisher Soipov
“Jurnalistlarga qarshi uyushtirilayotgan zo’ravonlik va ta’qiblar maxsus darajadagi jinoyatlar sifatida tasniflanishi kerak deb hisoblayman. Bu men uchun juda muhim, chunki bu jurnalistlarning yaxshiroq himoyalanishini kafolatlaydi. Konflikt zonalarida bo’lmagan, ammo uyushgan jinoyatchilik yoki avtoritar tuzum sharoitida haddan tashqari zo’ravonlik ostida yashayotgan jurnalistlar bor”, deydi BMT vakili.

Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo’mita ma’lumotiga ko’ra, 2011-yilda hibsga olingan 179 jurnalistning qariyb yarmi internet orqali ishlagan bloggerlar bo’lgan.

“Men ozarbayjonlikman. Bokuda o’tgan “Yevrovideniye” qo’shiqlar tanlovini dunyo bo’ylab 120 million odam tomosha qildi. Shu munosabat bilan faol jurnalistlar jamoasining juda kichik qismi Ozarbayjondagi inson huquqlari ahvoliga e’tibor qaratishga urindi”, - deydi bloggerlardan biri Emin Milliy.

Milliy bloggerlik faoliyati uchun Ozarbayjonda 16 oy qamoqda saqlangan.

“Yevrovideniye” tanlovi tugashi bilan xalqaro ommaviy axborot vositalarining e’tibori ham o’z yakuniga yetdi, - deydi u.

“Kutilganidek, hukumat faollarni va jurnalistlarni ta’qib qilishga tushdi. “Demokratiya uchun kuyla” kampaniyasi koordinatori Mehmon Huseynov ana shunday ta’qibga uchrab, hibsga olindi. Garov puli evaziga ozod qilingan bo’lsa ham unga qarshi qo’yilgan ayblovlar olib tashlangani yo’q”, deydi ozarbayjonlik jurnalist.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) matbuot erkinligi bo’yicha vakili Dunja Miyatovichning aytishicha, ba’zan jurnalistlarni himoya qila olmagan mamlakatlarni xalqaro hamjamiyat oldida izza qilishga to’g’ri keladi.

“Muxbirlarga qarshi sodir etilgan jinoyatlar parda ortida jim hal qilinadigan masala emas. O’ldirilish uyoqda tursin, agar kimdir tazyiqqa uchrasa, qamoqqa tashlansa, bundan barchamiz ogoh bo’lishimiz kerak. Bu jamoatchilikni qiziqtiradigan masala”, - deydi Miyatovich.

BMT mutaxassisi Kristof Xeynsga ko’ra, jurnalistlarni himoya qiladigan xalqaro huquq normalari allaqachon qabul qilingan. Hukumatlar ularni amalga oshirishi kerak xolos, deydi u.

“Ro’yxatdan o’tkazish, yangi cheklovlarni muhokama qilish kabi masalalar huquqiy majburiyat yuklovchi yangi loyihaning xavfli jihati. Chunki bu masalani ko’p muhokama qilish uning ijrosini sekinlashtiradi”, - deydi Xeyns.

YUNESKO tomonidan tavsiya etilgan harakat rejasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha agentliklari tomonidan qabul qilinmoqda. Jurnalistlar himoyasini taraqqiyot dasturlariga qanday kiritish masalasi noyabr oyida Venada o’tadigan xalqaro anjumanda muhokama etiladi.

Inson huquqlari bo’yicha mutaxassislarga ko’ra, jurnalistlar hukumatlar, yirik kompaniyalar va uyushgan jinoyatchlik ishlarini o’rganib, o’z hayotlarini xavf ostiga qoyadi. Hukumatlar korrupsiyani fosh etishga otlangan jurnalistlarni himoya qilishning uddasidan chiqa olmaganda, xavf-xatar darajasi yanada oshadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG