Birlashgan Millatlar Tashkiloti davlatlarni qochqinlarni boshpana bilan ta’minlashga chaqirmoqda. Bugun Jenevada uch kunlik anjuman boshlangan.
Jahonda hozir 15 million qochqin bor. Ular vataniga qaytsa, hayoti barbod bo’lishi, jazo va o’lim bilan yuzlashishi mumkin. Aksariyati rivojlanayotgan davlatlardan.
Birdan bir yechim, ularga panoh berish. Afsuski, qochqinlar soni oshgandan oshmoqda, ammo bu kishilarga eshigini ochishga rozi davlatlar ko’p emas.
BMT Qochqinlar agentligi rasmiysi Volker Turkning aytishicha, kelasi besh yilda 800 ming odam himoya ostiga olinishi kerak. Lekin hozir shuning faqat 10 foiziga joy bor, deydi rasmiy.
Qochqinlarning eng zaif toifasi – jinsiy zo’ravonlik, kamsitish, adolatsiz tergov, siyosiy bosim qurbonlaridir.
Hozirda BMT Qochqinlar agentligi bilan sanoqli davlatlar hamkorlik qiladi. Ular har yili kvota-me’yor asosida odam qabul qilishga ko’ngan. O’tgan yili 19 davlat 112 ming insonni bag’riga olgan. Qo’shma Shtatlarda 80 ming odam panoh topgan.
Shvetsiya Migratsiya xizmati rahbari Den Eliasson so’zlariga ko’ra, Yevropa 4500 qochqinni qabul qilgan. “Biroq ancha to’q yashaydigan ittifoq davlatlari uchun bu oz”, - deydi u.
Ma’qul choralardan biri, deydi rasmiy, malakali qochqinlarni ishga yollash, talabalarni tezlikda viza bilan ta’minlashdir.