Suriyada vaqtinchalik sulh kuchga kirdi. Ammo uning muvaffaqiyati muzokaralarda qatnashayotgan yetakchi kuchlarning keyingi bir necha kun ichida qanday yo'l tutishiga bog'liq, deydi kuzatuvchilar. Sulhni buzgan tomonlar uchun qanday choralar ko'rilishini ham kelishib olish kerak.
Suriya rejimi va muxolif guruhlar yirik hujumlarni to'xtatishga rozi bo'lgach, endi siyosiy muloqotni tezroq boshlash kerak, deydi tahlilchi Stiven Heydemen.
"Siyosiy jarayonni yo'lga qo'yib olishimiz uchun mavjud imkoniyat eshigi juda kichik. Agar bu imkoniyatni boy bersak, oxirgi yarim yilda kuzatilgan yirik ixtiloflar qayta boshlanadi", - deydi u.
BMT maxsus vakili Staffan de Mistura hukumat va muxolifat o'rtasida 7-mart kuni muzokaralar boshlanishiga umid qilmoqda.
Tahlilchilarga ko'ra, tomonlar sulh shartlarini buzganlarga nisbatan qanday chora qo'llash bo'yicha ham kelishib olishi kerak.
"Sulh hozirgi holatni shundayligicha saqlab qoladi. Bu esa rejim manfaatiga xizmat qiladi. Ular egallab olgan hududlarida nazoratni kuchaytirish hamda muxolifatni neytrallashtirish choralarini ko'radi", - deydi tahlilchi Adam Ereli.
AQSh rasmiylari umidvor, xulosa yasashga shoshmayapti, ammo insonparvarlik yordami yetib borayotganidan mamnun.
"Suriya xalqi musibatlarini va fuqarolik urushini tugatishga qaratilgan birinchi qadam bu", - deydi Mudofaa vaziri Eshton Karter.
Ayni paytda sulhning ijrosini kuzatish kerak, deydi rasmiylar.
"Barcha tomonlar bilan aloqada qolamiz. Chunki ortiq zo'ravonlik bo'lmasligi kerak. IShID yoki Jabhat al-Nusraga qarshi kurash bundan mustasno", - deydi Davlat departamenti so'zlovchisi Jon Kirbi.
Hozircha sulh shartlari biror guruh tomonidan jiddiy buzilgan holatlar qayd etilgani yo'q.