Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg’onistonda “xalq iqtisodiyoti”ni to’g’ridan-to’g’ri naqd pul bilan ta’minlash maqsadida maxsus jamg’arma ochgan. Xalqaro donorlarning Tolibon avgust oyida hokimiyatni qo’lga olganidan beri muzlatilgan pullari mana shu jamg’arma orqali o’tadi. Bundan maqsad aholiga qishdan o’tib olishga va mamlakatda qolishga yordam berish.
BMTning Taraqqiyot dasturi ma’muri Akim Staynerning aytishicha, Germaniya ushbu jamg’armaga 50 million yevro ajratishga so’z berdi.
"Xalq iqtisodiyoti”ni jonlantirish, odamlar hayoti, turmushini saqlab qolish kerak”, - dedi u.
Biroq muammo donorlar pulini xalqaro hamjamiyat tan olmagan Tolibon hukumatini chetlab o’tib, Afg’onistonga yetkazishda.
BMTning yana bir rasmiysiga ko’ra, yordam puli qurg’oqchilik va toshqinlarga qarshi kurash kabi jamoat ishlari dasturlarida ishlayotgan ishchilarga, kichik bizneslarga beriladi, jamiyatning eng zaif qatlami, qariyalar va nogironlarga nafaqa to’lanadi.
BMT hisobiga ko’ra, 12 oyda 667 million dollar kerak bo’ladi.
Hafta boshida Moskvadagi muzokaralarda qatnashgan Tolibon rahbarlari AQShdan Afg’onistonning muzlatilgan pullarini qaytarishni so’radi.
"Barcha mamlakatlar bir ovozdan AQShni Afg’onistonga qo’yilgan moliyaviy cheklovlarni bekor qilishga, maoshlarni to’lash uchun ishlatilgan pullarni qaytarishga chaqirgan. Pul xalqniki va AQShning uni muzlatishga haqqi yo’q edi”, - dedi Tolibon hukumatida axborot va madaniyat vaziri Xayrulla Xayrxva.
Qo’shma Shtatlar Tolibon fuqarolar, jumladan, ayollar huquqlarini ta’minlasagina pul qaytarilishini aytgan. Bosh vazir o’rinbosari lavozimini vaqtincha bajarayotgan Abdul Salom Hanafiyga ko’ra, ayollar uchun sharoit va imkoniyatlar shariat doirasida yaratiladi.
Bugun poytaxt Kobulda bir guruh ayollar huquqlari ta’minlanishini talab qilib, namoyishga chiqqan. Ular ayollarga mamlakat ijtimoiy hayotida ishtirok etishga, ta’lim va ish bilan ta’minlashga ruxsat berishni so’ragan.
Facebook Forum