Breaking News

Zelenskiy Lvovda Turkiya prezidenti va BMT bosh kotibi bilan uchrashdi


Turkiya, Ukraina va BMT rahbarlari Lvovda uchrashmoqda, 18-avgust, 2022-yil
Turkiya, Ukraina va BMT rahbarlari Lvovda uchrashmoqda, 18-avgust, 2022-yil

Bugun Ukraina g’arbidagi Lvov shahrida Ukraina va Turkiya prezidentlari Vladimir Zelenskiy va Rajab Toyib Erdog’an hamda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish uchrashib, Ukraina va Rossiya oziq-ovqat mahsulotlarini Qora dengiz orqali jahon bozoriga olib chiqishga qaratilgan kelishuv ijrosi, Zaporojye atom elektrostansiyasiga hujumlar, Ukrainada urushga barham berish kabi mavzularda gaplashgan.

Xalqaro hayot - 18-avgust, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:46 0:00

Guterrish, shuninigdek, Odessa portida bo’lib, BMT vositachiligida g’allani eksportga chiqarishga kelishilgan shartnoma qanday amalga oshirilayotgani bilan tanishadi.

Zelenskiy Erdog’an bilan urush boshidan beri ilk bor yuzma-yuz ko’rishmoqda. Turkiya Ukrainani jangovar dronlar bilan ta’minlar, Ukraina suverenitetini qo’llab-quvvatlar ekan, G’arb sanksiyalariga qo’shilmagan, NATOning Rossiya bilan aloqa qilayotgan yagona a’zosi.

5-avgust kuni Erdog’an Sochida Prezident Vladimir Putin bilan uchrashib, unga Zelenskiy bilan ko’rishishni taklif etgan. Ukraina rahbari ko’pdan beri Putin bilan ko’rishmoqchi ekanini, yuzma-yuz muloqotda uni urushni to’xtatishga ko’ndira olishini aytib keladi. Putin Zelenskiy bilan uchrashuvdan bosh tortib kelgan, biroq CNN telekompaniyasining turk xizmati xabari ko’ra, Putin Sochidagi uchrashuvda Erdog’anga Zelenskiy bilan sulh masalasida gaplashishga tayyor ekanini aytgan va Turkiya rahbari bu ishda vositachilik qilishi mumkin.

Ukraina, Rossiya, Turkiya va BMT harakatlari tufayli g’alla va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan kemalar Odessaning uchta portidan Turkiya orqali xorijiy buyurtmachilarga yuborilmoqda. Har bir kema Ukrainadan chiqqanda va unga kirishdan oldin Istanbul yaqinida tekshirilmoqda.

Bugun shuningdek Ukraina va Turkiya Ukrainaning Rossiya hujumlaridan vayron bo'lgan infratuzilmasini tiklashga doir kelishuv imzoladi.

Xorijiy auditoriyaga murojaat qilishga odatlangan Zelenskiy bugun Chilining Katolik universiteti talabalari bilan virtual aloqaga chiqdi. U Lotin Amerikasi mamlakatlarini Rossiya bilan savdoni to’xtatishga, AQSh va Kanada kabi Rossiyaga sanksiya qo’yishga chaqirdi.

Qarib dengizida joylashgan Bagama orollari mintaqada Rossiyaga sanksiya joriy etgan yagona davlatdir.

Zelenskiy Rossiyadan Zaporojyedagi atom elektrostansiyasini hech bir shartsiz tark etishni ham talab qildi. Mart oyida rus qo’shinlari nazoratiga o’tgan inshootda hamon ukrainalik mutaxassislar ishlayapti. So’nggi paytlarda stansiya muntazam hujumlarga uchramoqda. Rossiya va Ukraina bir-birini bu hujumlarda ayblab, yadroviy falokat ehtimoli haqida ogohlantirmoqda.

"Ukraina tarafi elektrostansiyaga avval dron bilan hujum qildi, so’ng AQSh bergan 155 millimetr kalibrli snaryadlarni yog’dirdi. Bunday harakatlar natijasida nafaqat Ukraina aholisi, balki Yevropadagi ko’p mamlakatlar ham qurbon bo’lishi mumkin”, - dedi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Ivan Nechayev.

Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma inspektorlari yaqin o’rtada Zaporojyega borishi kutilmoqda.

BMT rahbari inshoot hududini demilitarizatsiya qilishni taklif etgan, biroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi uning bu taklifini rad etdi.

“Provokatsiyalarga usta Kiyev rejimi milliy batalyonlarini nazorat qila olmasligini namoyish etdi. Shu sabab Zaporojye atom elektrostansiyasi atrofini demilitarizatsiya qilish inshoot xavfsizligini yanada zaiflashtiradi”, - dedi Nechayev.

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainani BMT bosh kotibining tashrifi paytida atom elektrostansiyasida provokatsiya rejalayotganlikda ayblayapti. Vazirlik inshoot hududi va atrofida og’ir qurollar yoq’ligini bildirdi.

"Kiyev rejimi provokatsiya uyushtirib, Rossiyani inshootdagi fojiada ayblamoqchi”, - dedi vazirlik vakili Igor Konashenkov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG