Breaking News

YUNESKO: Tinchlik o'rnatishda madaniy merosning ahamiyati katta


"Islomiy davlat" jangarisi qo'lida bolg'a bilan Iroqning ko'hna Hatra shahridagi obidani buzmoqda, 3-aprel, 2015-yil.
"Islomiy davlat" jangarisi qo'lida bolg'a bilan Iroqning ko'hna Hatra shahridagi obidani buzmoqda, 3-aprel, 2015-yil.

BMTning YUNESKO madaniyat tahkiloti rahbariga ko'ra, Iroq va Suriyada jangarilar tomonidan nodir tarixiy ashyolarning yo'q qilinishi mintaqada tinchlik va barqarorlik o'rnatish jarayoniga salbiy ta'sir qiladi. Bu haqda rasmiy Londonda o'tgan anjumanda gapirdi.

"Islomiy davlat" jangarilari Mosul shahridagi muzey ashyolari vayron qilinayotgani tasvirlangan videoni faxr bilan butun dunyoga tarqatdi. Guruh da'vosiga ko'ra, bunday buyum va haykallarni saqlash shirk bo'lib, islomiy e'tiqodga to'g'ri kelmaydi.

Arxeolog va boshqa mutaxassislarning keskin noroziligi ayrim odamlarning tanqidiga ham uchradi. Mojaroda o'n minglab odamlar o'layotgan va majruh bo'layotgan bir paytda ayrim tosh va buyumlar haqida qayg'urish ortiqcha, deydi ular.

YUNESKO bosh direktori Irina Bokovaning aytishicha, xavotir faqat tosh va san'at asarlari haqida emas.

"Madaniy merosni saqlash tinchlikni saqlash hamda xavfsizlikni ta'minlash bilan bevosita bog'liq", - deydi u.

Bokovaga ko'ra, madaniyatidan mosuvo qilingan xalqning yarashishi oson bo'lmaydi va natijada ularning kelajagi yanada beqarorlashadi.

"Bularning barchasi "madaniy tozalash" deb nomlangan strategiyaning bir qismi, deb hisoblayman. Madaniyatni yo'q qilish minglab, balki millionlab ayollar va erkaklarning, jamiyatlarning huquqlarini toptash bilan teng. U kelajakda muloqot o'tkazish, tinchlik o'rnatish va yarashish imkoniyatlarini ham yo'qqa chiqaradi", - deydi u.

Iroq va Suriyadagi urush zonalarida tinchlik va muloqot boshlanishini hali-veri umid qilish qiyin.

YUNESKOning aytishicha, jangarilar vayron qilinmagan boshqa tarixiy buyumlarni qora bozorda sotib yubormoqda.

Bokova tashkilot tomonidan bunday noqonuniy savdoni to'xtatish va unda qatnashganlarni javobgarlikka tortish bo'yicha zarur choralar ko'rilayotganini ta'kidladi.

Ammo bu qiyin va murakkab jarayon. Jangarilar esa tarixiy-madaniy obidalarni yakson qilishda davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG