AQShning Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi boshlanmoqda. Davlat rahbarlari va rasmiylar har doimgidek o’z mamlakatlari va mintaqalari uchun muhim bo’lgan mavzularni ko’tarib chiqishi kutilmoqda.
“Insoniyat ulkan muammolarga duch kelib turgan bir paytda to’planyapmiz – iqlim o’zgarishi yomonlashayotgan, mojarolar kuchayayotgan, narx-navo oshgan, tengsizlik kuchayayotgan, texnologik nosozliklar ko’lami kengayayotgan bir paytda. Odamlar rahbarlaridan bu tartibsizliklardan chiqish yo’lini kutmoqda”, - deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Anjumanda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’ruza qilishi kutilmoqda. O’tgan yili u delegatlarga virtual murojaat qilgan edi, biroq bu safar Nyu-Yorkka boradi, AQSh Prezidenti Jo Bayden bilan ko’rishishi mumkin.
“Zelenskiy rivojlanayotgan mamlakatlardan ko’p rahbarlar tashqi qarz, iqtisodiy qoloqlik kabi o’ziga yarasha muammolari bilan kelishini anglashi zarur. Ular mana shu muammolar muhokama etilishini istaydi, yolg’iz Rossiya-Ukraina urushi emas”, - deydi Xalqaro inqirozlar guruhidan Richard Govan.
Ayniqsa ochlik va keskin qashshoqlikni bartaraf etishga qaratilgan BMTning barqaror taraqqiyot dasturi 2030-yilga belgilangan rejaga erisha olmayotgani hisobga olinsa. Vaziyat yaxshilanmas ekan, BMT dunyodagi 575 million odam 2030-yilgacha keskin qashshoqlikdan chiqa olmasligini bashorat qilmoqda.
Nyu-Yorkda ushbu mavzuda ikki kunlik sammit o’tkaziladi.
“So’nggi yillarda rejadan ancha ortda qolib ketdik. Bunga COVID-19 pandemiyasi, 1945-yildan beri eng katta qurolli mojaro, iqlim bilan bog’liq tabiiy ofatlar, inflyatsiya, qimmatchilik sabab bo’ldi”, - deydi BMT rasmiylaridan biri Astra Bonini.
Chorshanba kuni iqlim o’zgarishi mavzusida ham anjuman o’tkaziladi. Shu kuni Xavfsizlik Kengashi to’planib, Ukrainadagi urushni muhokama qiladi, Zelenskiy unda qatnashishi kutilmoqda.
“Barcha mavzularni jiddiy ravishda muhokama qilishga vaqtimiz yetarli”, - deydi Guterrish.
AQSh rahbari Bosh Assambleyada bo’ladigan seshanba kungi ma’ruzasida Amerika uchun muhim bo’lgan mavzularni ko’taradi.
“Prezident davlatimizning xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf etish, inson huquqlarini himoya qilish, global farovonlik va taraqqiyotni targ’ib qilish bobidagi liderligiga urg’u beradi”, - deydi AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild.