BMT Bosh Assambleyasida payshanba kuni asosan Yaqin Sharq haqida gap ketdi.
O'tgan yilning iyulida olti yirik davlat va Eron Tehronning yadro dasturini tugatishga kelishib olgan edi. Eron prezidenti BMTda so'zlab, Amerikadan bitimga amal qilishni so'radi.
Hasan Ruhoniyning aytishicha, Qo'shma Shtatlar o'tgan bir necha oyda kelishuv shartlariga to'liq amal qilmayapti.
Tehron, xususan, xorij banklari Erondan o'zini olib qochayotganidan norozi.
Isroil-Falastin mojarosi haqida gap ketganida Falastin rahbari Mahmud Abbos Isroil olib borayotgan qurilishlarni qoraladi.
Qurilayotgan yahudiy mahallalari mutlaqo noqonuniy, deydi Abbos. BMT Xavfsizlik Kengashi bu amaliyotni taqiqlashi uchun bor kuchimizni ishga solamiz, dedi u.
Isroil rahbarining javobi shuki:
"Isroil tarixan, azaldan g'animlar qurshovida yashab keladi. Shunday ekan, BMT Isroilga uning xavfsizligi, manfaatlari haqida buyruq bera olmaydi. BMTning buyruqlariga amal qilib o'tirmaymiz", - dedi Benyamin Netanyaxu.
Bu orada, Iroq rahbari mamlakatda qonxo'r "Islomiy davlat" guruhiga qarshi yutuqlar bor, demoqda.
"Bir yil oldin shu minbarda so'zlar ekanman, Iroqning katta hududlarida "Islomiy davlat" guruhi hukmron edi. Bugun Iroq bu illatdan xalos bo'lmoqda, iroqliklar o'z vatanini jangarilardan tozalashga muvaffar bo'lmoqda, deya olaman", - dedi Haydar al-Abadiy.