BMTning bolalar jamg’armasi hisoblangan YUNISEF tashkiloti Yaqin Sharqdagi olti mamlakatni poliomiyelit va qizamiqqa qarshi emlash dasturlarini jonlantirishga chaqirdi.
Suriya, Sudan, Yaman va Iroqda poliomiyelit, Livan, Yaman, Iroq va Jibutida esa qizamiqqa qarshi emlash dasturlari koronavirus pandemiyasi sabab to’xtab qolgan.
“Poliomiyelit ikki yil oldin mintaqada yo’q bo’lib ketgan edi, ammo hozir kasallik qaytib kelishi mumkin”, - deydi YUNISEF vakili Juliyet Tuma.
Emlash dasturlarining to’xtatilganiga ikki sabab ko’rsatilmoqda – birinchisi, tibbiy resurslarning katta qismi koronavirusga qarshi kurashga tashlangani, ikkinchisi esa, hukumatlar odamlarning tibbiy muassasalarda to’planishining oldini olmoqchi bo’lgani.
Shu bilan birga, aytish joiz, qizilcha va bo’g’ma kasalliklariga qarshi emlash davom etmoqda.
YUNISEF rasmiysining aytishicha, mintaqada 15 million bola qizamiqqa, 10 million bola falaj kasalligiga uchrash xavfi bilan yuzlashmoqda.
Tumaga ko’ra, emlash dasturlarini profilaktika choralariga rioya qilgan holda jonlantirish mumkin.
“Tibbiy markazlar tozalikka e’tibor berishi, binoni sterilizatsiya qilishi, xodimlar esa qo’lqop va niqoblar kiyishi shart”, - deydi u.
YUNISEF mamlakatlarni ana shunday himoya vositalari va vaksinalar bilan ta’minlaydi.
“Havo sarhadlari va aeroportlarning yopilganiga qaramay, joriy yilda 20 million doza vaksina tarqatganmiz”, - deydi Juliyet Tuma.
YUNISEF poliomiyelit Suriya va Iroqqa qaytib kelishidan xavotirda. 2013-yilda Suriyada, 2014-yilda Iroqda poliomiyelit tarqalishi ketidan mintaqadagi yetti mamlakatda keng qamrovli emlash kampaniyasi o’tkazilgan.
Facebook Forum