Eron yadro dasturiga mas'ul rasmiy Ali Akbar Solihiy mamlakatda yadro yonilg'isini tayyorlash uchun zarur uran moddasi mahalliy sharoitda ishlab chiqilgani haqida ma'lum qilmoqda. Bugun Jenevada xalqaro muzokaralarning navbatdagi davrasi o'tmoqda.
Solihiy uran ishlab chiqilganini katta yutuq deya, bu hol muzokaralarda Eron pozitsiyasini kuchaytirishini aytgan. Biroq Isfaxondagi zavodda aynan qancha uran tayyorlanganini rasmiy oshkor etmagan.
Jenevadagi muloqotda BMT Xavfsizlik Kengashiga doimiy a'zo besh davlat, Germaniya, Yevropa Ittifoqi va Eron rasmiylari ishtirok etmoqda. G'arb nazarida rasmiy Tehron atom quroli yaratmoqchi, Eron esa yadro energiyasi tinch maqsadda kerak, deydi.
Londondagi Strategik izlanishlar xalqaro markazi eksperti Mark Fitzpatrik Eronda uran tayyorlangani haqidagi xabardan hayratda.
"Tahlilchilar Eron mahalliy sharoitda uranni ikki yildan beri ishlab chiqaryapti, degan xayolda edi. Demak, adashgan ekanmiz", - deydi Fitzpatrik.
Uning nazarida bu uran Eronga atom zavodi ehtiyojlarini qondirishga yetmaydi.
"Busherdagi reaktor yirik. Uran koni esa Eronda atigi bir dona. Yadro yonilg'isi ishlab chiqishga kamlik qiladi. Eron qo'shimcha uran rudasi konlarini izlashi yoki chetdan import qilishi zarur bo'ladi", - deydi mutaxassis.
Xalqaro tahlilchilar nazarida bir kondan olingan uran Busherdagi atom reaktori ehtiyojlarini qondira olmaydi.