Breaking News

Xitoy sudi uyg’ur jurnalistini 15 yilga qamagan


Xitoyning Shinjon uyg’ur muxtoriyatida sud uyg’ur jurnalisti G’ayrat Niyozni 15 yilga qamagan.

U bir yil oldin Urumchi shahrida kechgan namoyishlar haqida xorij matbuotiga xabar berganlikda va shu tariqa miliy xavfsizlikka tahdid solganlikda aybdor topilgan.

Sud bir kun davom etib, hukm tezda e’lon qilindi, deydi jurnalistning do’stlari.

2008 yilning oktyabrida hisbga olingan 51 yoshli G’ayrat Niyoz uighurbiz.net veb-sahifasini yuritgan va unda uyg’ur madaniyati va hayoti haqida so’z borgan.

Biroq rasmiylar nazarida namoyish chog’ida bu veb-sayt nizoni avj oldirgan, odamlarni gijgijlatgan.

O’tgan yil iyunida, aholisining 75 foizi xitoylardan iborat Urumchida uyg’urlar tashabbusi bilan boshlangan tinch namoyish qonli tus olgan edi.

Uyg’urlar va xitoylar o’rtasida kechgan olishuv, rasmiy hisoblarga ko’ra, 200 odamni hayotdan olib ketgan edi. Huquq faollari bu raqam aslida ancha yuqori, deydi.

G’alayondan so’ng yuzlab odam qamoqqa olinib, o’nlab nafari o’limga hukm qilingan. Bedarak ketganlar bir necha o’n kishidan ziyod, deydi faollar.

G’alayondan so’ng Shinjonda internet cheklanib, telefon aloqasi to’silgan edi. Yil boshida kontrol bir oz yumshagan, biroq Urumchi atrofida, jamoat transporti, maktab va ko’chalarda 40 ming dona kuzatuv kamerasi ishlamoqda.

Politsiya safiga bir necha ming odam qo’shib yollangan.

Xitoy hukumati 1989 yilda Tiananmen maydonidagi isyondan so’ng kuzatilgan bu eng qonli to’qnashuvni chet eldagi uyg’ur separatistlari rejalagan, deb hisoblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG