Qo’shma Shtatlar Moskvani ukrainaliklarni majburan Rossiyaga jo’natayotganlikda ayblab, buni urush jinoyatlariga tenglashtirdi. AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfildning BMT Xavfsizlik Kengashi a'zolariga aytishicha, 900 mingdan 1,6 million ukrainalikgacha so’roqqa tutilgan, ushlangan va majburan Rossiyaga jo’natilgan.
Diplomat filtrlash amaliyotlariga Prezident Vladimir Putin ma’muriyatining a’zolari mas’ul ekanini da’vo qildi.
Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya bu da’volarni Ukraina va uni qo’llab-quvvatlayotgan G’arb davlatlarining Rossiyaga qarshi yangi dezinformatsiya kampaniyasi deb atadi.
BMT bosh kotibining amerikalik o’rinbosari Rozmari Dikarlo Rossiyaga qarshi bunday da’volarni tergov qilishga chaqirdi.
BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissariatining latviyalik vakili Ilza Brends Keyrisning Xavfsizlik Kengashiga aytishicha, Ukrainaga xayrixoh va Rossiyaga qarshi bo’lgan, ukrain qurolli kuchlari yoki davlat idoralariga aloqador ukrainaliklar qamoqqa olinib, qiynoqlarga solinmoqda, g’oyib bo’lmoqda.
AQSh Davlat departamentiga ko’ra, ukrainalik asirlar va fuqarolarni saralash uchun eski maktablar, bozorlar va qamoqxonalar qoshida 21 ta filtratsiya markazi tashkil etilgan.
Moskva bunday da’volarni inkor etarkan, urushdan qochayotgan odamlarga o’z hududida boshpana berilayotganini bildiradi.
Bugun Germaniyaning AQShga qarashli Ramshtayn harbiy-havo bazasida Ukrainaga harbiy ko’mak ko’rsatayotgan mamlakatlar mudofaa vazirlari to’plandi. AQSh vaziri Lloyd Ostin Ukrainaga 675 million dollarga teng qo’shimcha qurol uzatilishi haqida ma’lum qildi.
Majlis ishtirokchilari Ukraina harbiylarini tayyorlash, uzoq muddatda o’z mamlakatlari mudofaa salohiyatini yaxshilash zarurati haqida gaplashdi.
"Ushbu muloqot guruhi Ukrainaning mard himoyachilarini uzoq muddatda qo’llab-quvvatlashga tayyor turishi kerak”, - dedi Ostin.
Rossiya fevral oxirida Ukrainaga qo’shin kiritganidan beri Qo’shma Shtatlar bu mamlakatga 10 milliard dollardan oshiq pulga teng harbiy yordam uzatgan. 675 million dollarlik eng so’nggi paketda “HIMARS” raketa tizimlari uchun o’q-dorilar, zirhli transport vositalari, tankka qarshi qurollar joy olgan.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken esa bugun Kiyevda. U bolalar kasalxonasida bo’ldi, AQSh elchixonasi xodimlari, Prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi.
Bayden ma’muriyati Rossiya bosqini xavfi bilan yuzlashayotgan 18 ta mamlakat hamda Ukrainaga harbiy yordam berish maqsadida Kongressdan ikki milliard dollar so’ragan. Blinken Zelenskiyga Baydenning rejasini ma’lum qildi. Pulning bir milliard dollari Ukraina uchun ajratiladi.
Facebook Forum