Breaking News

Afg’on tinchlik muzokaralarida AQSh qanday rol o’ynaydi?


Qandahor shahri
Qandahor shahri
Afg’oniston va Pokiston hukumatlari kelasi olti oy ichida Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini boshlashga so’z bermoqda.

Ikki davlat rahbarlari Hamid Karzay va Osif Ali Zardariy Britaniyada o’tgan uchrashuvlarda shunga kelishib olgan. Toliblar bilan til topishish uchun ilk marotaba aniq muddat belgilanyapti.

Prezident Karzay jangarilar bilan gaplashish kerakligini ko’pdan beri tilga olib keladi. Ammo tomonlarning o’z shart-talablari bor.

Tolibon olg’a surayotgan bosh talab – barcha xorijiy qo’shinlar Afg’onistonni tark etishi lozim. 10 yillik urushdan charchagan NATO a’zolari bunga allaqachon ko’ndi desak ham bo’ladi.

Harbiy alyans bergan ma’lumotga ko’ra, bugungi kunda mamlakatda xavfsizlikni ta’minlash bo’yicha vazifalarning 87 foizi mahalliy armiyaga topshirilgan. Ammo koalitsiya zobitlari butunlay ketishiga hali ikki yilcha vaqt bor.

Karzay ma’muriyati tomonidan tuzilgan Tinchlik oliy kengashi vakili Ismoil Qosim Yor fikricha, xorijiy askarlar Afg’onistonda haliyam jang qilayotgani muzokaralarga to’siq deb ko’rilmasligi kerak.

“Hozirdan tayyorgarlikni boshlash zarur. Axir Tolibon bilan tarixiy rishtalarga ega qo’shni davlat Pokiston ham bu harakatlarga sherik”, - deydi u.

O’z navbatida, Qo’shma Shtatlar ham Qatarda o’tishi rejalangan muzokara tashabbusini olqishlayapti.

Davlat departmanenti rasmiysi Viktoriya Nuland Afg’onistonda barcha guruhlarni o’z ichiga olgan bir tizim shakllanishidan umidvormiz, deydi.

Vashington bu muzokaralarda aynan qanday rol o’ynaydi, degan savolga AQShning Afg’onistondagi sobiq elchisi Ronald Nyuman shunday javob beradi:

“Bizning maqsad doimo tomonlarni bir stol atrofiga to’plash bo’lgan. Afg’on xalqi Tolibon bilan yonma-yon yashay oladimi-yo’qmi, buni hal qilish hamda barchaga maqbul bir kelishuvga erishish ularning o’zlariga havola. Bu masalani hal qilish AQSh zimmasida emas”.

Harbiy harakatlar, deydi Nyuman, Tolibonnni muzokaraga majburlashi mumkin, lekin 2014-yilda NATO mamlakatni tark etganidan keyin Afg’oniston hukumati bu jarayonga bosh-qosh bo’lishi, bitim shartlari bajarilishini ta’minlashi kerak bo’ladi.

Ekspertlar fikricha, masalaning murakkab tomoni shundaki, Tolibon yaxlit guruh emas. Tinchlik-osoyishtalik turli qo’mondonlaru al-Qoidaga aloqador jangari yetakchilari bilan til topishishni taqozo etadi.

Bu orada, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg’onistonda AQSh harbiylari tomonidan yuzlab bolalar o’ldirilgani yuzasidan chuqur xavotir bildirmoqda.

BMTning Bolalar huquqlari bo’yicha qo’mitasi xulosasiga ko’ra, o’tgan besh yilda ro’y bergan bu fojialarning asosiy sababi - havo hujumlarida ehtiyotsizlik va ortiqcha kuch ishlatishdir.

Jenevada joylashgan bu tashkilot jang maydonida begunoh odamlar o’limini bartaraf etish uchun konkret choralar ko’rishga chaqirdi.

AQShning Afg’onistondagi qo’mondonligi BMT xavotirlarini “asossiz” deya, quyidagi raqamlarni e’lon qildi: 2012-yilda Afg’onistonda aholi orasida talofatlar 2011-yilga qaraganda 50 foizga kamaygan, xususan bolalar orasida 40 foizga.

O’tgan yilgi xurujlarda halok bo’lganlar va jarohat olganlarning 84 foizi uchun jangarilar javobgar, deydi harbiylar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG