Breaking News

Afg'onistondan evakuatsiya ishlari qanday kechmoqda?


Afg’onistondan xorijiy qo’shinlar, fuqarolar va Tolibon nishoniga aylanishi mumkin bo’lgan afg’onlarni evakuatsiya qilishga 5 kun vaqt qoldi. Minglab afg’onlar hali ham Kobul aeroportida to’planib turibdi. Kim ketishi, kim qolishi, hozircha noaniq, biroq Oq uy zarur bo’lsa, AQSh harbiylari 31-avgustdan keyin ham qolishini bildirdi.

Xalqaro hayot – 26-avgust, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:01 0:00

“Tongda prezidentga evakuatsiyaning qo’shimcha rejalari haqida ma’lumot berildi. 31-avgustgacha missiyani yakunlaymiz degan umiddamiz. Undan kech qolsak ham prezidentda rejani o’zgartirishga imkon bor”, - dedi Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki.

AQSh Tolibonni Afg’onistonning rasmiy hukumati sifatida tan olmagan bo’lsa-da, aynan toliblarni mamlakat taqdiri bo’yicha mas’ul tutishini bildirdi.

“Afg’on xalqining asosiy huquqlari ta’minlanishi uchun qo’limdagi har bir diplomatik, iqtisodiy va siyosiy imkoniyatni ishga solishga, ittifoqchilar va hamkorlar bilan birgalikda yaqindan ishlashga harakat qilaman”, - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.

Biroq har ikki yirik partiyaning Kapitoliydagi qonunchilari vaziyat yuzasidan xavotir bildirmoqda. Ko’p demokratlar Baydenning evakuatsiya o’z vaqtida yakunlanishi haqidagi gaplariga ishonmayapti. Respublikachilarga ko’ra, Bayden afg’onlarni evakuatsiya qilishni ertaroq boshlashi kerak edi.

“Biz ularni chiqarishga va’da berganmiz. Agar va’dalarimizning ustidan chiqmasak, bundan keyin qanday qilib Amerikaga ishonishsin? Hamkorlarni tashlab chiqish milliy xavfsizlikka tahdid hamdir. Kelajakda ittifoqchilar, hamkorlarimizni biz bilan ishlashga ishontira olmaymiz. Amerikaga ortiq ishonishmaydi”, - deydi respublikachi kongressmen Maykl Makkol.

Tolibon AQShning maxsus muhojirlik vizasini olgan afg’onlarni aeroportga qo’ymayapti. Pentagonga ko’ra, harbiylar bu muammoni hal qilishga harakat qilmoqda.

“Ro’yxatimizdagi odamlarni Tolibonga bildirganmiz va hozircha ular blok-postlardan o’tishga muvaffaq bo’lyapti”, - deydi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.

Qo’shma Shtatlar qo’shinlari va harbiy texnikasini Afg’onistondan qachon chiqarishni boshlashini hali ma’lum qilmadi. Ba’zi qonunchilar evakuatsiya yana ikki kundan keyin to’xtab qoladi deya taxmin qilmoqda.

“6 kundan keyin hamma narsa yopiladi. Aslida 48 soatdan keyin. Aerodromdan odamlarni chiqarib, darvozalarni yopishga to’g’ri keladi, chunki harbiylarni olib chiqishga imkon berish kerak. Bunga yo’l qo’ymaslik kerak”, - deydi Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Maykl Valts.

AQShning bildirishicha, so’nggi 24 soat ichida Afg’onistondan 19 mingga yaqin odam evakuatsiya qilindi.

Bugun Kobul aeroporti oldida ikkita portlash yuz berdi. Tolibon rasmiysiga ko’ra, kamida 13 odam, jumladan bolalar o’lgan, 60 dan ziyodi yaralangan. Bu ishga suiqasd bombachilar aloqador ekani aytilmoqda.

Bir portlash aeroport tashqarisida turgan omma oldida sodir etildi. AQSh va hamkor davlatlar harbiylari ham G’arb, ham Tolibonni o’ziga dushman deb bilgan “Islomiy davlat” jangari to’dasi xurujlarining ehtimoli haqida ogohlantirarkan, afg’onlarni aeroportdan uzoqroq turishga chaqirmoqda.

Jarohat olganlar orasida qo’riqchi toliblar va amerikalik harbiylar ham bor.

Turkiya Afg’onistondan qo’shinlarini olib chiqishni boshladi. Tolibon Anqaradan Kobul aeroportini yuritishda texnik yordam so’ragan, biroq endi barcha xorijiy kuchlardan avgust oxirigacha chiqib ketishni talab qilmoqda.

Ayni paytda Turkiyaning Kobul aeroportida yuzlab harbiysi bor. Prezident Erdog’anning matbuot kotibi Ibrohim Qalinning aytishicha, evakuatsiya 36 soat vaqt oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG