Qo’shma Shtatlar Afg’oniston mudofaasini kuchaytirish maqsadida bugun bu mamlakatga to’rtta yangi jangovar samolyot taqdim etdi. Kobuldagi marosimda so’zlagan AQSh generali Jon Didrikning aytishicha, NATO Afg’onistonga harbiy mashqlar, moliya, harbiy amaliyotlar bilan yordam berishda davom etadi.
Afg’oniston mudofaa vaziri lavozimini vaqtincha bajarayotgan Asadulla Xolid ham so’zga chiqib, afg’on qurolli kuchlari tayyorgarligi ancha oshganini ta’kidladi.
Qo’shma Shtatlar 2016-yildan bu mamlakatga 18 ta “A-29” jangovar samolyotlari bergan. Bugun topshirilgan to’rtta samolyot ham ayni shu rusumga tegishli. General Didrik keyingi yil fevraligacha yana oltita samolyot yetkazilishini aytdi.
Afg’oniston harbiy-havo kuchlari safida 7000 harbiy xizmat qiladi, aviaflot 183 ta samolyotdan iborat. Xalqaro koalitsiya kuchlari xizmatchilar sonini 8000 ga yetkazishni ko’zlamoqda.
12-sentabr kuni Qatarda Afg’oniston hukumati va Tolibon o’rtasida tarixiy muzokaralar boshlanganiga qaramay, mamlakatda zo’ravonliklar davom etmoqda.
Muloqot AQSh Tolibon bilan fevral oyida tinchlik bitimi imzolashi ketidan boshlanishi kerak edi, biroq Tolibon har yili bahorda bo’ladigan hujumlarini to’xtatishni istamadi. Bundan tashqari, tomonlar Tolibon asirlarini ozod etish xususida kelisha olmadi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp saylov kampaniyasi paytida afg’on urushiga chek qo’yishga va’da bergan. Oq uy rejasiga ko’ra, keyingi yil mayigacha Amerikaning barcha qo’shinlari Afg’onistonni tark etadi.
Facebook Forum