AQShda o’tkazilgan so’nggi ommaviy so’rov natijasiga ko’ra, amerikaliklarning ko’pi afg’on urushi unga sarflangan milliardlab dollar va nobud bo’lgan harbiylar hayotiga arzimaydi degan fikrda.
Ba’zi tahlilchilar nazarida, AQShning bu urushda eng boshidan maqsadlarini aniq belgilamagani uning 20 yilga cho’zilishiga sabab bo’ldi.
"CNA" tashkilotidan siyosatshunos Jonatan Shrodenning aytishicha, urushni boshlashga buyruq bergan Prezident Jorj Bush Afg’onistonni oldingidan ijobiy tomonga o’zgartirishga ahd qilgan edi.
“O’sha paytdagi Mudofaa vaziri Donald Ramsfeld esa askarlarni Afg’onistondan imkon qadar tez chiqarmoqchi edi. Kampaniyaning eng boshidagi mana shu ziddiyat unga salbiy ta’sir qildi. Shundan beri AQSh missiyasi to’g’ri yo’lga qaytmadi”, - deydi ekspert.
Bushdan keyin prezidentlikka kelgan Barak Obama 2009-yilda Afg’onistonda qo’shinlar va pudratchilar sonini oshirib, harbiylar sonini 100 ming kishidan oshirdi. Prezidentligining ikkinchi muddatida esa ularning sonini 10 baravar qisqartirdi.
Navbatdagi prezident Donald Tramp qolgan askarlarni ham Afg’onistondan chiqarib, Amerikaning “abadiy urushlari”ga chek qo’ymoqchi bo’ldi. Bu 2020-yil fevralida Tolibon bilan tinchlik bitimining imzolanishiga sabab bo’ldi.
Prezident Bayden afg’on urushini o’zidan keyingi rahbarga qoldirmoqchi emasligini aytgan holda Amerikaning mojarodagi ishtirokiga yakun yasamoqda.
Biroq qo’shinlarning qanday tarzda chiqarilishi va bu qaror oqibatlari ko’plarning tanqidiga sabab bo’lmoqda. Bayden AQSh asosiy maqsadlariga erishganini, ya’ni al-Qoida parchalanib, Osama bin Laden o’ldirilganini aytadi.
“Afg’onistonda davlatchilikni qurishni, yaxlit, markazlashgan demokratiya yaratishni maqsad qilmaganmiz. Hozir ham, o’shanda ham maqsadimiz bir – Amerikaga qarshi terror xurujining oldini olish”, - dedi Bayden.
"Davlatni va demokratiyani qurish 20 yillik ish emas. Buni yaxshi anglash lozim. Bu juda ham uzoq jarayon. Buning uchun AQSh ham, xalqaro hamjamiyat ham uzoq muddatli mas’uliyat va majburiyatni o’z bo’yniga olishi kerak”, - deydi afg’on qochqinlariga yordam beruvchi Londonda asoslangan “Afg’oniston va Markaziy Osiyo uyushmasi” xayriya tashkilotining asoschisi Nuralhaq Nasimiy.
Vanderbilt universiteti professori Samar Alining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, afg’onlarning uzoq muddatda AQShga nisbatan munosabati bu mamlakatning keyingi qadamlari va harakatlariga qarab shakllanadi.
“Nazarimda, so’nggi bir hafta, so’nggi kunlarda bu munosabatga qattiq zarar, jiddiy ravishda ishonchga putur yetdi. Hozir qilinishi kerak bo’lgan ish shuki, Amerika afg’on qochqinlariga doir taqiqlarni zudlik bilan bekor qilishi kerak”, - deydi tahlilchi.
Yana bir mutaxassis, “Yevrosiyo guruhi” tashkiloti vakili Ian Bremmerning aytishicha, Qo’shma Shtatlar bundan keyin xorijga qo’shinlarni yuborishdan oldin uzoq va qattiq o’ylanib qoladi.
“So’nggi 20 yil saboqlari shu bo’ladiki, Qo’shma Shtatlar dunyoning boshqa chekkalarida harbiy kuch yordamida davlatchilikni barpo etish g’oyasidan hali anchagacha voz kechib keladi”, - deydi ekspert.
Bu o’rtada Tolibon boshqaruvini qabul qilishdan bosh tortayotgan afg’onlar mamlakatni tark etishda davom etmoqda.
Kobul aeroportida to’planganlar evakuatsiya uchun belgilangan samolyotga chiqishga oshiqmoqda. Xaloyiqning ko’pligidan ko’zni yoshlantiruvchi gazni qo’llashga to’g’ri keldi.
AQShning 5200 dan ortiq askari evakuatsiya xavfsizligini ta’minlamoqda.
“Har bir samolyotga imkon qadar ko’p odam olishga harakat qilamiz. Odamlar xavfsizligi hammadan ustun, jarayonning imkon qadar tez va xavfsiz bo’lishiga e’tibor beryapmiz”, - deydi AQSh armiyasi general-mayori Uilyam Teylor.
Payshanba kunga qadar 24 soat ichida 2000 amerikalik va afg’on mamlakatdan olib chiqildi. Bu Prezident Jo Bayden rejalagan kundalik 7000 odamdan ancha kam.
Juma namozidan oldin Tolibon mamlakatni birlikka chaqirib, barcha imomlarga ma’ruza paytida aholini Afg’onistonni tark etmaslikka ko’ndirishni tayinladi.
Afg’on hukumati tez parchalanishiga qaramay, Qo’shma Shtatlar Tolibonni yangi hukumat sifatida tan olishdan bosh tortmoqda. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken “Katta Yettilik”ka a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari bilan Afg’onistondagi vaziyatni muhokama qildi.
"Xalqaro hamjamiyatning Tolibon bilan aloqalari ularning so’zlariga emas, harakatlariga bog’liq”, - deydi Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.
Hirot kabi ayrim joylarda qizlar maktabga qaytgani bilan AQSh qonunchilari Tolibonning ayollarga adolatli muomala qilinishi haqidagi va’dalariga ko’z-ko’rona ishonmaslikka chaqirmoqda.
“Bu masalani iloji boricha shaffof qilishimiz, Tolibonning harakatlarini qattiq nazorat qilishimiz kerak”, - dedi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.
Tolibonning Qatardagi siyosiy idorasi so’zlovchisi Suhayl Shahin turli siyosiy kuchlarni o’z ichiga oluvchi hukumatni shakllantirishga qaratilgan muzokaralarning davom etayotgani haqida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, ayni damda mamlakatda siyosiy bo’shliq hosil bo’lgan.
"Saylov o’tkazishga vaqt yo’q, konstitutsiya yo’q. Yangi konstitutsiya yoziladi. Oldinda hali ko’p ish bor. Yangi hukumatga turli siyosiy kuchlar jalb etiladi. Ammo bundan oldin bu siyosatchilar bilan suhbat qilamiz”, - deydi Shahin.
“Reyter” axborot agentligiga ko’ra, Afg’onistonda boshqaruv kengashi oliy organ bo’lib, Tolibon rahbari Haybatulla Oxunzoda uning raisi bo’lishi mumkin.
Tolibon bilan bo’lajak hukumatga doir muzokaralarda Afg’oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay, Afg’oniston Oliy yarash kengashi raisi Abdulla Abdulla, “Islomiy partiya” yetakchisi Gulbiddin Hikmatyor va boshqalar qatnashmoqda.
Facebook Forum