Breaking News

AQSh va Tolibon zo’ravonliklarni kamaytirish yo’llarini muhokama qildi


General Skot Miller & va Tolibon delegatsiyasi
General Skot Miller & va Tolibon delegatsiyasi

AQShning Afg’onistondagi qurolli kuchlari qo’mondoni general Skot Miller Tolibon rahbarlari bilan uchrashib, ikki tomonlama tinchlik bitimi doirasida zo’ravonliklarni kamaytirish yo’llari xususida gaplashgan.

Tolibon so’zlovchisi Suhayl Shahin uchrashuv Qatar poytaxti Doxada o’tganini aytarkan, muhokama 29-fevralda imzolangan hujjat ijrosi xususida bo'lganini tasdiqladi.

Unga ko’ra, bitim shartlariga rioya qilmaslik holatlari, jang maydoni bo’lmagan hududlarda hujumlar va tungi reydlar jiddiy ravishda muhokama qilingan va Tolibon delegatsiyasi bunday hujumlarni to’xtatishga chaqirgan.

AQSh harbiylari jangarilarning bitim shartlari buzilayotgani haqidagi da’volarini inkor etarkan, Afg’onistondagi xorijiy qo’shinlar Tolibon hujumiga uchragan afg’on xavsizlik kuchlarini himoya qilishi shartnomada man qilinmaganini bildiradi.

Ushbu kelishuvga ko’ra, AQSh yetakchiligidagi xalqaro qo’shinlar Afg’onistonni 2021-yil iyuligacha bosqichma-bosqich tark etishi kerak, toliblar esa “Islomiy davlat” kabi terrorchi guruhlarga qarshi kurashish va xorijiy qo’shinlarga hujum qilmaslik, mamlakatdagi 40 yillik nizolarga barham berish maqsadida Afg’oniston hukumati va boshqa guruhlar bilan siyosiy kelajak bo’yicha muzokara qilish majburiyatini olgan.

AQSh ham, Tolibon ham bitim shartlaridan chekinmasligini aytib keladi.

Biroq Afg’onistonda sentabrdagi prezident saylovlari ketidan qo’sh hokimlikning davom etayotgani hamda hukumatning minglab mahbus toliblarni ozod etishni paysalga solayotgani ichki tinchlik muzokaralarini boshlashga pand bermoqda.

Mustaqil saylov komissiyasi tomonidan saylovda g’olib deb topilgan amaldagi Prezident Ashraf G’ani va uning bosh raqibi hamda hukumat raisi Abdulla Abdulla o’tgan oy prezident sifatida alohida qasamyod keltirishib, hech biri prezidentlikka da’vosidan voz kechgani yo’q.

Natijada mamlakat siyosiy ma’noda falajlangan. AQSh-Tolibon kelishuviga ko’ra, afg’on guruhlari o’rtasidagi muzokaralar bir necha hafta oldin boshlanishi kerak edi.

Afg’oniston qamoqxonalarida 5000 tolib saqlanarkan, jangarilar ular ozod etilmaguncha hukumat va boshqa guruhlar bilan muzokara boshlamasligini ta’kidlamoqda.

Tolibon aksariyati harbiylar va politsiyachilar bo’lgan mingga yaqin mahbusni ozod etishga rozi bo’lgan. Tolibon ozod etilgan a’zolari jang maydoniga qaytmasligiga yozma kafolat berganidan so’nggina hukumat 200 mahbusni ozod etgan, xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG