Afg’onistonda so’nggi oylarda tinch aholi orasida talafotlar ko’paygan. Jangarilar hujumlarida ayniqsa ko’p ayollar va bolalar o’lmoqda. AQSh va NATO qo’shinlari Afg’onistonni tark etayotgan bir paytda mamlakat kelajagi bo’yicha xavotirlar kuchaygan.
Joriy yilda o’tgan yilga qaraganda talafotlar 30 foizga ko’p. Vashingtondagi Xalqaro va strategik izlanishlar markazi Afg’oniston bo’yicha mutaxassislarni onlayn forumga to’plab, ularning fikri bilan qiziqdi.
“Eng yomon ssenariyni hamma kutyapti. Ammo ishoningki, Afg’oniston ichida vaziyat yuzasidan xorijdagiga qaraganda xavotir unchalik katta emas. Agar bunga falokat sifatida qaraydigan bo’lsak, so’nggi 20 yilda nimalar qilinganini va samarasi qanday bo’lganini ko’rib chiqishimiz kerak. Falokat yo’q. Ammo bizni oldinda og’ir sinovlar kutmoqda”, - deydi Afg’onistonning BMTdagi elchisi Odila Raz.
Diplomatning aytishicha, AQSh va NATOning Afg’onistonga sarmoyalari samara berdi. Afg’on kuchlari endi qobiliyatli, terrorga qarshi kurashda faol, biroq ularni logistik va moliyaviy tomondan qo’llab-quvvatlab turish kerak, toki Tolibon hokimiyatni kuch bilan qo’lga kirita olmasligini tushunsin, deydi elchi.
AQShdagi ayrim qonunchilar Bayden Afg’onistonda oz sonli qo’shinlarni qoldirishi kerak degan fikrda.
"Ochig’ini aytadigan bo’lsam, qo’shinlarning hammasini olib chiqib, Afg’onistonda strategik xatoga yo’l qo’yishimizni istamayman. Mahalliy askarlarni terrorga qarshi harbiy tayyorgarlikdan o’tkazish uchun oz sonli qo’shinlarni qoldirish tarafdoriman”, - deydi respublikachi kongressmen Maykl Vals.
Bayden afg’on mojarosiga harbiy yechim yo’q deb hisoblaydi. Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlar afg’on xalqiga yordam berishda davom etadi. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Afg’oniston xorijiy qo’shinlar tark etganidan so’ng falokatga yuz tutmasligi uchun AQSh vaziyatga to’g’ri baho berishi kerak.
Facebook Forum