Breaking News

Davlat departamenti: AQSh Afg'oniston siyosatidan voz kechgani yo'q


Prezident Tramp Afg’onistonda Tolibon bilan muzokaraga o’rin yo’q deyishiga qaramay, Davlat departamentidagi rasmiylardan birining aytishicha, AQShning Afg’oniston bo’yicha siyosati o’zgarmagan. Unga ko’ra, Tramp shunchaki o’tgan hafta ko’plab begunoh insonlarning o’limiga sabab bo’lgan bir necha xurujga shu tariqa munosabat bildirgan.

Toliblar xurujlar ortida turganini tan olgan. Afg’oniston hukumati va Tolibon harakati ham Trampning dushanba kungi so’zlariga munosabat bildirdi.

Afg’onistondagi xurujlardan g’azabga kelgan Tramp BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari bilan uchrashuv chog’ida toliblar bilan muloqot qilmaymiz, deb aytgan edi.

“Ko’plab begunoh insonlar o’lmoqda. Bolalar, oilalar nobud bo’lmoqda. Tolibon bilan muzokara qilishni istamaymiz”, - dedi Tramp.

AQSh davlat kotibining o’rinbosari Jon Sallivan afg’on hukumatini AQSh siyosati o’zgarmagani haqida ishontirdi.

“Prezident siyosat o’zgargani haqida e’lon qilgani yo’q. Siyosatimiz ma’lum shartlarning bajarilishiga bog’liq. Davlat rahbari shunchaki so’nggi bir necha haftalarda sodir etilgan terror xurujlarini shu tariqa izohladi. Afg’oniston hukumatiga berayotgan yordamimiz davom etadi. Agar Tolibon mojaroni tinch yo’l bilan hal etish istagida muzokara stoliga o’tirmoqchi bo’lsa, hozirgi siyosatimizdan chekinmaymiz”, - dedi rasmiy.

Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’anining matbuot kotibiga ko’ra, hukumat muzokara haqidagi gaplarni yig’ishtirib, endi xurujlarga jang maydonida javob berishga majbur.

“Tolibon Kobulda va boshqa viloyatlarda sodir etgan so’nggi jinoyatlari bilan chegaradan o’tdi. Afg’oniston hukumati xalq, siyosatchilar va diniy ulamo talabiga muvofiq terrorchilarga qarshi barcha choralarni ko’rishni lozim topdi”, - dedi Shoh Husayn Murtazoviy.

Ayrim tahlilchilarga ko’ra, urush 16 yildan beri davom etayotganiga qaramay, AQSh maqsadidan chekinmaydi.

“Muzokara qilmaymiz. Jang bilan yengamiz. Afsuski, so’nggi yillardagi siyosatimiz ana shunday bo’ldi va samara bermadi. Jangarilar bilan boshqacha gaplashishning imkoni bo’lmayapti”, - deydi Vashingtondagi REND Korporatsiyasi tahlil markazidan Rebekka Simmerman.

Tolibon so’zlovchisi Qo’shma Shtatlarni Afg’oniston istilosini cho’zmoqchi bo’lganlikda ayblab, Tramp va uning urushga tashna tarafdorlari Tolibondan atirgullar emas, teng muomala kutsin, dedi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG