Breaking News

AQShning Afrika siyosati qanchalik muvaffaqiyat qozondi?


AQShning Afrika siyosati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:12 0:00
Barak Obama prezidentlik kursisini egallaganidan so’ng Afrika mamlakatlariga murojaat qilib, qit’aga kuchli shaxslar emas, balki kuchli institutlar kerak ekanini ta’kidlagan edi. Oradan yillar o’tib bu gaplar qanchalik tasdiqlandi? Afrikaliklar bugun bu savolga aniq javob bera olmaydi. Mintaqada ayrim rahbarlar 30 yildan ziyod mamlakatni boshqarmoqda. Ko’pgina davlatlarda qonunsizlik va adolatsizlik hukmron.

Prezident Obama o’tgan yili Keyp Taun universitetida qilgan nutqida Afrika uchun demokratiyaning muhimligiga alohida urg’u bergan edi. Bu gaplari uchun uni ardoqlaydiganlar ko’p.

“Uni buyuk yetakchi deb hisoblayman. Nelson Mandelaga o’xshaydi”, - deydi afrikalik yosh yigit.

“U biz uchun ilhom manbai”, - deydi yana bir afrikalik.

Ammo Obamadan norozilar ham kam emas.

“Uni hurmatga loyiq rahbar deb bilmayman. U Qaddofiyni o’ldirdi. Liviyada Qaddofiyning hukumati yaxshi edi”, - deydi norozilardan biri.

Ayrimlarga ko’ra, qonun ustuvorligi va demokratiya masalasida Obama ma’muriyati ikkiyuzlamachi siyosat yuritadi. Misrda xalq saylagan prezidentning harbiylar tomonidan ag’darilishini Vashington tanqid qila olmadi, deydi ular.

Afrikaning boshqa qismlarida esa ayrim rahbarlar bir necha o’n yillardan beri hukmronlik qilmoqda.

Amerika universitetining yuridik fakulteti professori Kennet Mvenda fikricha, Obama huquqshunos sifatida vakolatlari cheklanganini yaxshi biladi.

“Huquqshunos sifatida sizning birinchi qiladigan ishingiz boshqa bir davlat ishiga qanchalik aralasha olamiz, degan savolni berish. Shuning uchun uning hatto xalqaro hamjamiyat xavfsizligiga oid qarashlari ham siyosiy asosga ko’ra emas, balki xalqaro huquq ta’siri ostida shakllangan”, - deydi u.

Shunga qaramay, Obamaning ta’siri ijobiy bo’ldi, deydi Mvenda.

“Afrikaga tashqi invesititsiya hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratdi. Bir qator Afrika davlatlari hamda dunyoning boshqa o’lkalari bilan AQSh yaxshi munosbatlarni yo’lga qo’ygani uchun Obama olqishlanishi kerak”, - deydi u.

Janubiy Afrika universiteti professori Frensis Kornigey esa jiddiy o’zgarishlar kuzatilmaganini aytadi.

“Aksincha, AQSh harbiylarining qit’ada kuchayishi bilan bog’liq bahsli masalalar ko’paydi”, - deydi u.

Janubiy Sudanda qonli to’qnashuvlar boshlangach, AQSh u yerdagi amerikaliklar hayoti va mol-mulkini himoya qilish uchun askar jo’natdi. Ruanda kuchlarini Markaziy Afrika Respublikasiga o’tkazishda ham AQSh yordam berdi. Shuningdek, Somali hukumatiga ko’maklashish uchun kichik harbiylar guruhi keltirilgan.

“Harbiylarimiz yuk tashish, amaliyotlar rejasini tuzish hamda kommunikatsiya sohasida ko’mak bermoqda” – deydi Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi.

Afrikada bu yil iqtisodiyotning o’sishi 6 foizga chiqishi kutilayotgan bo’lsa-da, birlamchi xizmat ko’rsatish sohalarida muammolar talay.

Qit’a bo’ylab 600 million odam elektr tokisiz yashaydi. 2013-yil prezident Obama u yerdagi elektr ta’minotini ikki hissa oshirish maqsadida “Afrikaga tok bering” nomli tashabbus boshladi. Prezidentning aytishicha, shu orqali Afrikani dunyo iqtisodiyotiga bog’lash imkoniyati oshadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG