Breaking News

AQSh aviakompaniyalari xodimlarini ishdan bo'shatmoqda


AQSh hukumati koronavirus pandemiyasi sabab turib qolgan aviakompaniyalarga moliyaviy yordam ajratganiga qaramay, ba’zilari xodimlari sonini qisqartirishni rejalamoqda. “American” va “United” aviakompaniyalari 30 foizga kichrayishi kutilmoqda.

Bu kutilgan hol, deydi transport sohasi mutaxassisi Kliff Uinston.

“Agar aviakompaniyalar oldin uchib yurgan manzillarga hozir uchmayotgan bo’lsa, xodimlarini ushlab turishdan foyda yo’q, albatta. Parvozlarga talab tushgan, demak xodim ham kamroq kerak”, - deydi u.

Singapur Texnologiya instituti professori Vladimir Bilotkachning aytishicha, 30 foizga xodimlarni qisqartirish bu ko’p, biroq besh yilda xizmatchilar soni yo’lovchilarga qaraganda tez o’sgan.

“So’nggi besh yilda AQSh aviasanoatida xizmatchilar soni 25 foizga ko’paydi. Ya’ni 2015-yil martidan 2020-yil martigacha 600 ming xodimdan 750 mingga ko’paydi. Xuddi shu davr ichida yo’lovchilar 15 foizdan sal ko’pga oshgan”, - deydi mutaxassis.

AQSh Kongressi koronavirusdan jabr ko’rganlarga yordam dasturi doirasida “American” aviakompaniyasiga 5,8 milliard dollar, “United” kompaniyasiga salkam 5 milliard dollar, “Delta” aviakompaniyasiga 5,4 milliard dollar va “Southwest” kompaniyasiga 3,3 milliard dollar yordam puli ajratgan.

“American” aviakompaniyasining bildirishicha, bu yozda pandemiyadan oldin rejalanganidan 100 taga kamroq samolyot havoga ko’tariladi. Demak, menejment va parvozlarga ko’maklashuvchi xodimlar sonini kamaytirish kerak.

Dunyo bo’ylab 15 mingga yaqin samolyot ishsiz turibdi. Ayrim kompaniyalar pul ishlash maqsadida ba’zi samolyotlarni yuk tashishga jalb qildi. Efiopiya havo yo’llari muhandislari samolyotlarining bir qismini shunga moslashtirdi.

“36 soatda 20 ta yo’lovchi samolyotni yuk samolyotiga aylantirdik”, - deydi aviakompaniya xodimi Rekik Tsegaye.

Yanvar oyidan aprelgacha Efiopiya havo yo’llari 550 million dollar yo’qotgan, biroq kompaniya rahbari kelajakka umid bilan qaramoqda.

“Yoz sayohatlar mavsumi bo’lgani uchun zararning salkam 50 fozini qoplashga umid qilyapmiz. Odamlar uyda o’tirib charchagan. Yevropa va Amerikada hukumatlar iqtisodiyotlarini ochmoqda. Odamlarning o’zlari ham ko’chaga chiqib ketyapti, chunki ular uyda o’tirishga o’rganmagan”, - deydi Tevolde GebreMariam.

Qarorgohi Londonda joylashgan arzon reyslar taklif etuvchi “EasyJet” aviakompaniyasi 15 ming xodimining salkam uchdan birini bo’shatmoqda.

Janubiy Afrika havo yo’llari, “Virgin Australia”, Lotin Amerikasidagi ikki yirik aviakompaniya – “Latam” va “Avianca” bankrotlikka ariza bergan. Kliff Uinstonning aytishicha, buni kompaniyalarga o’lim hukmi deb ko’rish kerak emas.

“Ular tanaffusga chiqib, kompaniyani qayta tashkillashtirmoqchi, moliyasini tartibga solmoqchi. Kreditorlarga pulini qaytarish shartmas, ular kutib turadi, chunki kompaniyaning yo’q bo’lib ketishini istashmaydi”, - deydi Brukings instituti tahlilchisi.

Karantin choralari yumshagani sari aviakompaniyalarning jonlanishi ko’p omillarga bog’liq bo’lib, ular orasida eng muhimi yo’lovchi ishonchidir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG