Breaking News

AQSh bilan "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotganlar kim?


“Islomiy davlat” jangarilari Suriyaning Raqqa shahriga kirib borganida to’da yetakchisi Abu Bakr al-Bag’dodiy hali xalifalik e’lon qilmagan edi. Suriyaning “Liva Tuvar al-Raqqa” nomli sunniy arablardan tarkib topgan o'z-o'zini mudofaa qilish otryadlari raqiblariga qarshi hujum uyushtirishda jihodchilardan foydalandi va hatto ularning shiorlarini qabul qildi.

Bir necha oy o’tib otryad shahardan haydab chiqarildi. Hozirda ular, asosan, kurdlardan tarkib topgan Suriya demokratik kuchlari (SDF) bilan birgalikda “Ilsomiy davlat”ga qarshi kurashmoqda. Terrorchilarni Raqqadan haydashga urinayotgan AQSh uchun bunday kurd-arab uyushmasi muhim. Vashington oqibatda Kurd xalq himoyasi otryadining (YPG) arablar uchun jozibasi oshadi, degan umidda.

Ammo tahlilchilar bunday siyosat Suriya shimolida mazhablararo ziddiyatlarni kuchaytirishidan xavotirda.

Oldindagi muammolar

Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Charlz Lister Vashington SDFni qo’llab-quvvatlashi oqibatida Suriya shimolida kuchlar muvozanati uzoq muddatga buzilmoqda, degan fikrda.

“AQSh rasmiylarining muxolifat guruhlari ahamiyati va faoliyatini bo’rttirib ko’rsatayotganiga qaramay, “Islomiy davlat”ga qarshi kurashayotgan kuchlarning 75 foizini YPG tashkil etadi”, - deydi u.

Bu guruhning jihodchilar ustidan g’alabasi – agar keyingi vaziyat qanday bo’lishi va hokimiyatga kimlar kelishini o’ylamasa - uzoqqa bormaydi, deydi mutaxassis.

Suriya isyonchilari

Ozod Suriya armiyasi nomli muxolifat guruhi SDF faoliyatidan norozi, chunki ular fikricha, yangi uyushma Prezident Bashar Assadning hokimiyatdan chetlashtirilishi uchun kurashmaydi, Turkiyadagi Kurd ishchilari partiyasiga (PKK) aloqador YPG kelajakda Turkiya chegarasiga yaqin yerlarni tortib olib, kurdlarga berish bilan band bo’ladi.

Suriya isyonchilari qo’mondoni “Liva Tuvar al-Raqqa” kabi arab jangchilari guruhlari xo’ja ko’rsinga tashkil etilgani va ular ortida aslida SDF turganini ta’kidlaydi. SDFdagi arab fraksiyalari esa isyonchilarni kurdlar demoqda.

"SDFni arab guruhi deyishmoqda, aslida unchalik emas”, - deydi ismini oshkor etmaslik sharti bilan “Amerika Ovozi”ga gapirgan bir yevropalik diplomat.

Tahlilchilar ham har bir muxolifat guruhi vaziyatdan o’z foydasiga foydalanishni ko’zlayotganini aytadi.

“YPG uyushmasi barqaror emas, shunchaki mushtarak manfaatlarga asoslangan. Hozirgi mushtarak maqsad – tirik qolish, “Islomiy davlat”ni haydab chiqarish va qurol hamda mablag’ olish”, - deydi amerikalik suriyashunos Joshua Landis.

Maqsadlarga qarab, uyushmalar ham tuzilaveradi va tarqab ketaveradi. Masalan, “Liva Tuvar al-Raqqa” o’z vaqtida al-Qoidaning Suriyadagi o’ng qo’li Jabhat al-Nusra bilan hamkorlik qilgan. Jaysh al-Qasas nomli yana bir guruh 2014-yilda “Islimiy davlat” bilan birga faoliyat yuritgan.

G'alati hamkorlar

Albatta, ular omon qolish uchun bunday qilgan, deyish mubolag’a bo’lmaydi. Biroq SDF haqida guruhni biladiganlar fikri, ayniqsa, salbiy. Mujohidlar armiyasi qo’mondoni Abdul Rahmon “ularning jangchilari bir guruhdan boshqasiga o’tib yuradi. Ularga ishonib bo’lmaydi, hammasi sotqin”, - deydi.

AQSh rasmiylari hozircha SDF bilan hamkorlik qilishga majbur ekanini aytadi – umumiy dushman “Islomiy davlat”ni yengish uchun.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG