AQShda kirish va bitirish eng qiyin hisoblangan harbiy ilm dargohi devorida ikki ayolning surati bor. Bu qizlar - uning ilk ayol bitiruvchilari. Jorjiya shtatidagi Fort Benning harbiy inshootida o’ziga xos tarixiy voqea. Ayol zobitlar qizlar uchun katta eshiklarni ochishi mumkin.
AQShda qizlarning harbiy maktabda o’qishi yangilik emas, ko’pi bitiradi. Biroq bunisi eng murakkabi. Kirganlarning atigi 40 foizi diplom oladi.
“Ikki qiz shunday qiyin ishni iddaladimi, demak, oshsa bo’ladigan dovon ekan. Bizga kuch, g’ayrat va ilhom berdi bu ayollar. Harakat qilish kerak ekan. Maqsad sari intilish kerak ekan”,- deydi serjant Rakel Orozko.
“Bu harbiy sohadagi inqilob. Armiya uchun yutuq”,- deydi Ketrin Kidder, mudofaa masalalari bo'yicha tahlilchi.
Ammo oldinda to’siqlar talay. Kristen Gris va Shey Xeyver rasman va jismonan reynjerlar, lekin jang maydoniga kirish uchun hozircha ruxsat yo’q. Buning uchun oliy darajada qarorlar qilinishi kerak.
AQSh harbiy rahbarlari Mudofaa vaziriga shu yilning 1-oktabrigacha o’z xulosasini bayon etishi kutilmoqda – ayollar frontga qo’yiladimi yo yo’q.
"Aholining 50 foizi xotin-qizlar va ular ham erkaklar bilan teng jang qila olishini isbotlab tursa, nega yo’q deyapmiz”, - deya so'raydi Pol Shar, maxsus kuchlarda xizmat qilib iste'foga chiqqan amerikalik.
Kristen Grist - harbiy politsiya zobiti. Orzusi - maxsus kuchlar safiga kirish.
Shey Xeyver esa Apachi vertolyotlari uchuvchisi. U ham maxsus tuzilmada xizmatga shay. Reynjer maktabidan olingan diplom kuchli irodadan darak.