Breaking News

AQSh bankiga 17 milliard dollar jarima solindi


AQShning eng yirik banklaridan biri “Bank of America” sarmoyadorlarni laqillatgani, ularga ipoteka kreditlari bilan kafolatlangan shubhali moliyaviy mahsulotlar sotgani uchun 17 milliard dollarga teng jarima to’laydi. Global moliyaviy inqirozga yetaklagan sabablardan biri shu edi.

Bu rekord raqam bo’lib, ilk bor xususiy bank AQSh hukumatiga bunday miqdorda jarima to’lamoqda.

Qarorni 21-avgust kuni AQSh bosh prokurori Erik Xolder e’lon qildi. Uning aytishicha, “Bank of America” sarmoyadorlarni aldash maqsadida moliyaviy firibgarlikka qo’l urgan.

"Bu kreditlarni kafolatlash masalasida jiddiy nuqsonlar bo’lgan. Ularning qaytarilishi garovi sifatida narxi ancha oshirilgan mulk ko’rsatilgan”, - dedi Xolder.

Bundan oldin yana ikki yirik bank, “JP Morgan Chase” hamda “Citigroup” ham umumiy miqdorda 20 milliard dollarga teng jarima to’lagan edi. Bu tuzilmalar ham 2008-2009-yillardagi inqirozdan oldin investorlarga ipoteka qarzlariga bog'langan qimmatbaho qog'ozlarni sotgan.

Dunyoning iqtisodiy jihatdan eng yirik davlati bo'lmish AQShda o'sha davrda o'sish sekinlashib borayotgan edi. Millionlab uy-joy egalari ishidan ayrilib, bankrotlik e’lon qilgan. Banklar esa ularning qarz majburiyatini sarmoya sifatida boshqalarga pullagan.

Amerikada sarmoya va kredit sohasidagi muammolar inqirozga turtki bergan, dunyoning boshqa mamlakatlariga ham epidemiya kabi tarqalgan. Yevropaning ayrim mamlakatlari bo'hrondan chiqib olganicha yo’q.

“Bank of America” bir necha yildan beri hukumat bilan jarima miqdori xususida muzokara qilib kelayotgan edi. Bankka solingan jarima u so’nggi uch yil davomida olgan umumiy foydaga teng.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG